AQSh va Janubiy Koreyaga noqonuniy jo‘natish uchun 105 ming dollar so‘ragan firibgarlar ushlandi

O‘zbekistonda fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Toshkent shahrida 1994 va 1999-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs fuqarolarga «G-1» vizasini olib berish va Janubiy Koreyaga ishga yuborishni, keyinchalik esa doimiy yashash guvohnomasini tayyorlab berishni va’da qilgan.
O‘z xizmatlari uchun ular $55 ming talab qilib, shundan $25 mingini oldindan olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (IJQKD) xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa bir holatda, Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan sudlangan fuqaro boshqa bir shaxsni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yuborishni taklif qilgan. U tanishlari orqali «O‘zbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh» marshruti bo‘ylab yuborish evaziga $50 ming talab qilgan.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxs so‘ralgan mablag‘ hisobidan $20 ming olayotganida qo‘lga olingan. Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rasmiylar fuqarolarni chet elga ishga joylashtirish bo‘yicha turli shubhali takliflarga ishonmaslikka chaqirmoqda. Xorijda ishlash masalalarida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda maxsus litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv nashri Noqonuniy diniy ta’lim berish holatlariga chek qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.