Toshkentdagi «O‘zbekiston» mehmonxonasida yong‘in chiqdi — foto

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «O‘zbekiston» mehmonxonasida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etilgani ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 12-iyul kuni soat 14:45 da tumandagi Mustaqillik shohko‘chasida joylashgan «O‘zbekiston» mehmonxonasining 10-qavatida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 14:49 da yetib borgan va yong‘in soat 14:54 da to‘liq o‘chirilgan.
Ma’lum qilinishicha, binoda o‘rnatilgan yong‘inga qarshi xavfsizlik tizimlari o‘z vaqtida ishga tushgani sababli yong‘in tezkorlik bilan bartaraf etilgan.
Yong‘in oqibatida mehmonxonaning 10-qavatidagi ishchi-xizmatchilar xonasi yonib zararlangan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan fuqarolar qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi kuyindi hidi sababiga rasmiy izoh berilgan edi. Unga ko‘ra, Ohangaron tumanida joylashgan «Maxsustrans» qattiq maishiy chiqindilar poligonida tabiiy yong‘in yuz bergan.