Fransiyada anomal issiq sabab 3 AES reaktori to‘xtadi

eʼlon qilindi
Reaktorlarni sovitishda foydalaniladigan daryo suvi haddan tashqari qizib ketgani sabab energiya bloklarini odatdagi rejimda ishlatishning imkoni bo‘lmayapti
Fransiyada anomal issiq sabab 3 AES reaktori to‘xtadi
Rasm: SI

Fransiyada kuzatilayotgan anomal issiq tufayli uchta atom elektr stansiyasi reaktori vaqtincha to‘xtatildi. Les Echos nashrining yozishicha, cheklovlar mamlakatning EDF energetika kompaniyasi tomonidan joriy etilgan.

Gap Garonna daryosi bo‘yida joylashgan «Golfech» AESning ikkinchi reaktori, Rona daryosi bo‘yidagi «Byuje» AESning uchinchi reaktori hamda Meuse daryosi yaqinidagi «Sho» AESning ikkinchi reaktori haqida bormoqda. Bundan tashqari, yuqori havo va suv harorati sabab yana sakkizta reaktorda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi kamaytirilgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, reaktorlarni sovitishda foydalaniladigan daryo suvi haddan tashqari qizib ketgani sabab energiya bloklarini odatdagi rejimda ishlatishning imkoni bo‘lmayapti. «Golfech» AESdagi reaktorlardan biri bo‘yicha shunga o‘xshash qaror 9-iyul kuni ham qabul qilingan edi.

Issiq ob-havo Fransiyadagi boshqa sohalarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kasalxonalarda issiq urishi va yuqori harorat bilan bog‘liq boshqa holatlar sabab bemorlar soni keskin oshgan. Ayrim shifokorlar shifoxonalardagi yuklamani COVID-19 pandemiyasi davridagi holat bilan taqqoslamoqda.

Fransiya hukumati qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Ko‘plab shaharlarda Bastiliya kuni munosabati bilan rejalashtirilgan bayram tadbirlari, jumladan, mushakbozliklar bekor qilindi. Mamlakatda o‘rmon yong‘inlari xavfi ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Ispaniyadagi yirik o‘rmon yong‘ini 12 kishining umriga zomin bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek