O‘zbekistonda gazetalar soni 66 foizga kamaydi

2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan gazetalar soni 219 tani tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mamlakatdagi gazetalar umumiy yillik tiraji 30,2 mln nusxaga yetgan. So‘nggi yillarda bosma nashrlar soni sezilarli kamaygani kuzatilmoqda.
Xususan, 2010-yilda O‘zbekistonda 649 ta gazeta faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2015-yilda ularning soni 620 tani tashkil etgan. 2020-yilga kelib bu ko‘rsatkich 366 tagacha qisqargan, 2025-yilda esa 219 taga tushgan.

Shu tariqa, 2010–2025-yillar oralig‘ida mamlakatdagi gazetalar soni 430 taga yoki qariyb 66 foizga kamaygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Washington Post 300 ga yaqin jurnalistini ishdan olmoqchiligi haqida yozgan edi.
Unga ko‘ra, nashr o‘z xodimlarining taxminan 30 foizini – ham tijorat bo‘limi xodimlarini, ham jurnalistlarni (nashrda taxminan 800 nafar jurnalist bor) ishdan bo‘shatishga tayyorlanmoqda.