13–17-iyulda eng issiq hudud qaysi bo‘ladi

O‘zbekistonda 13–17-iyul kunlari anomal issiq ob-havo saqlanib qoladi. «O‘zgidromet»ga ko‘ra, yuqori harorat shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarda kuzatilib, ayrim joylarda 42–44 darajagacha ko‘tariladi.
Issiq hafta oxirigacha kuchayadi
| Sana | Qoraqalpog‘iston respublikasi, Xorazm | Buxoro, Navoiy | Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo | Qashqadaryo, Surxondaryo | Andijon, Namangan, Farg‘ona | Toshkent shahri |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 13.07 | 39–44°C | 40–45°C | 38–43°C | 39–44°C | 35–40°C | 38–40°C |
| 14.07 | 39–44°C | 40–45°C | 38–43°C | 39–44°C | 35–40°C | 38–40°C |
| 15.07 | 40–45°C | 41–46°C | 38–43°C | 41–46°C | 38–43°C | 39–41°C |
| 16.07 | 40–45°C | 41–46°C | 38–43°C | 41–46°C | 38–43°C | 40–42°C |
| 17.07 | 38–43°C | 41–46°C | 38–43°C | 41–46°C | 38–43°C | 38–43°C |
| 18.07 | 37–42°C | 41–46°C | 38–43°C | 38–43°C | 38–43°C | 38–43°C |
| 19.07 | 33–38°C | 37–42°C | 35–40°C | 38–43°C | 37–42°C | 35–40°C |
| 20.07 | 33–38°C | 33–38°C | 33–38°C | 35–40°C | 35–40°C | 33–38°C |
| 21.07 | 33–38°C | 33–38°C | 33–38°C | 35–40°C | 33–38°C | 33–38°C |
| 22.07 | 33–38°C | 33–38°C | 33–38°C | 35–40°C | 33–38°C | 33–38°C |
Kechalari ham havo dim bo‘ladi
Tungi harorat asosan 23–28 daraja atrofida saqlanadi.
Shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarda esa kechalari ham havo 28–33 darajagacha iliq bo‘lishi mumkin.
Ayrim joylarda yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘ladi
13-iyul kuni Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
13–14-iyul kunlari ayrim tog‘li hududlarda ham yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
To‘rt hududda sel xavfi mavjud
13-iyul kuni Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi hamda tog‘li hududlarida sel va suv toshqini yuz berishi mumkin.
Shu sababli tog‘li hududlarda yashovchilar va u yerga borayotganlarga ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etiladi.
Shamol chang-to‘zon keltirishi mumkin
Shamol sharqdan sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi.
Ba’zi joylarda uning tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Toshkentda harorat 43 darajagacha ko‘tariladi
Toshkent shahrida asosan kam bulutli ob-havo kuzatiladi. 13–14-iyul kunlari kunduzgi harorat 38–40 daraja, 15–17-iyulda esa 40–43 daraja bo‘lishi kutilmoqda. Kechalari harorat asosan 25–28 daraja atrofida saqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq anomal issiq sabab Toshkentda suv sepish kuchaytirilgani xabar qilingandi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur choralar yo‘l qoplamasi va atrofdagi havoni qisman salqinlashtirishga xizmat qiladi.