Respublikaning uchta viloyatida yangi temir zaxiralari aniqlanishi mumkin

Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham temir rudasi zaxiralari mavjud bo‘lishi mumkinligi prognoz qilinmoqda. Bu haqda prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Shu munosabat bilan ushbu hududlarda geologik izlanishlarni jadallashtirish va yangi zaxiralarni aniqlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Davlat rahbari yirik metallurgiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida temir sifatini oshirish uchun marganes va ferrosilitsiy xomashyosiga ehtiyoj ortishini ta’kidladi.
Geologik izlanishlarga sun’iy intellekt jalb etiladi
Mutasaddilarga istiqbolli maydonlarni sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitishda zarur bo‘lgan minerallar zaxirasini ko‘paytirishga qaratilgan geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, hudud rahbarlariga geologiya-qidiruv ishlariga yirik tadbirkorlarni faol jalb etish vazifasi yuklatildi.
Metallurgiya korxonalari xomashyo bilan ta’minlanadi
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya yo‘nalishida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qayd etilishicha, qurilish materiallari sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishdan so‘ng hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga oid yangi loyihalar boshlangan.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda import qiluvchi alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun $200 million ajratilishi rejalashtirilgan. Import qilinadigan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston yiliga 1,35 mln tonna temir xomashyosi jalb qilishi haqida yozgandi.