Oliy sud taqiqlangan internet manbalar ro‘yxatini yangiladi

Oliy sud tomonidan diniy ekstremistik, terrorchilik va aqidaparastlik g‘oyalari targ‘ib etilgan internet manbalari hamda materiallarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi.
2026-yil 13-iyul holatiga internet jahon tarmog‘ida diniy ekstremistik, terrorchilik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan manbalar va kontentlar (materiallar) ro‘yxati taqdim etildi.
Mazkur ro‘yxatga kiritilgan manbalar va materiallarni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish hamda namoyish qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, Oliy sud fuqarolarni, xususan ota-onalar va yoshlarni diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm tuzog‘iga tushib qolmaslikka chaqirdi. Qayd etilishicha, bunday g‘oyalar insonning hayoti va kelajagiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Taqiqlangan materiallarning 886 tasi Telegram, 405 tasi Instagram, 276 tasi Meta (Facebook), 202 tasi YouTube, 68 tasi TikTok, 44 tasi Odnoklassniki, 13 tasi internet saytlari, 1 tasi Threads hamda 20 tasi boshqa manbalar orqali tarqatilgan kontentlarga to‘g‘ri keladi.
Fuqarolarga sud tomonidan taqiqlangan internet manbalaridan yiroq bo‘lish tavsiya etildi.
Ushbu havola orqali barcha taqiqlangan manba va materiallar bilan birma-bir tanishish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq noqonuniy diniy ta’lim berish holatlariga chek qo‘yilgan edi.