Chevrolet Qozog‘iston avtomobil bozorida yetakchilikni qaytardi

14-iyul 2026 13:02 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Chevrolet Cobalt
Foto: Autostrada

Qozog‘istonda 2026-yilning birinchi yarmida qariyb 106 mingta yangi yengil va tijorat avtomobili sotildi. Bozorda Chevrolet birinchi o‘rinni saqlab qoldi, Changan esa savdosini keskin oshirib, iyun oyida kuchli uchlikka kirdi.

Iyun oyida 21,8 mingta avtomobil sotildi

Qozog‘iston avtomobil ittifoqi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil iyunida rasmiy dilerlar 21,9 mingta yangi avtomobil sotgan. Bu 2025-yilning shu oyiga nisbatan 12,5% ko‘p. O‘tgan yil iyunida 19,4 mingta avtomobil sotilgan edi.

Yanvar – iyun oylarida esa umumiy savdo hajmi 105 886 donaga yetib, bir yil avvalgi natijadan 0,9 foizga oshdi.

Chevrolet iyun oyida birinchi bo‘ldi

Iyun oyida Chevrolet 3,1 mingta avtomobil sotib, bozorda yetakchilik qildi. Brend savdosi yillik hisobda 39,9 foizga oshgan.

Keyingi o‘rinlarni Hyundai — 3 mingta, Changan — 2,6 mingta, Chery — 2 mingta va Haval — 1,7 mingta avtomobil bilan egalladi.

Changan savdosi 121,5 foizga oshib, iyun oyida eng tez o‘sgan brendlardan biri bo‘ldi.

Chevrolet yarim yillik yakunda ham yetakchi

2026-yilning birinchi olti oyida Chevrolet 17,6 mingta avtomobil sotdi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 32,2% ko‘p.

Hyundai 17,2 mingta avtomobil bilan ikkinchi, Kia esa 12,3 mingta avtomobil bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Changan 9,5 mingta avtomobil sotib, savdosini 89,2 foizga oshirdi va yarim yillik yakunda to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Cobalt eng ko‘p sotilgan model bo‘ldi

Chevrolet Cobalt Qozog‘istonda 2026-yilning birinchi yarmida eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘ldi. Ushbu modeldan 16,4 ming dona realizatsiya qilingan.

Keyingi o‘rinlarda Hyundai Tucson — 8,6 mingta, Kia Sportage — 5,2 mingta va Changan CS55 Plus — 4 mingta bilan qayd etildi.

Iyun oyining o‘zida ham Cobalt 2,9 ming dona savdo bilan model reytingida birinchi bo‘ldi.

Xitoy brendlari tez o‘smoqda

Xitoy avtomobil brendlari orasida BYD eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlaridan birini qayd etdi. Uning savdosi yarim yillikda 241,5 foizga oshgan.

Shuningdek, Geely Galaxy, Soueast va Li Auto ham Qozog‘iston bozorida savdoni faol kengaytirmoqda. Shu bilan birga, Hyundai, Geely, Lexus va Jetour savdosida pasayish kuzatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingi e’lon qilingandi. Yarim yil davomida 40,9 ming dona Cobalt sotilgan. Ikkinchi o‘rinni 34,2 ming dona natija bilan Damas egalladi. Tracker savdosi 20,2 ming donani, Labo 19,7 ming donani, Onix esa 19,5 ming donani tashkil etdi. Kia Sonetdan 9,6 ming dona, BYD Song Plus DM-i UzPride modelidan 5,6 ming dona sotilgan.

Shuningdek