Tafsilotlar ochiqlandi: Toshkent xalqaro moliya markazi qanday rejimda ishlaydi

eʼlon qilindi
Toshkent xalqaro moliya markazi maxsus huquqiy rejim amal qiladigan alohida hudud hisoblanadi
Toshkent xalqaro moliya markazi ingliz tilida ishlaydi
Foto: Kontent tayyorlash markazi

Toshkent xalqaro moliya markazi ingliz tilida faoliyat olib boradi. Prezident «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.

Qonunga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazi maxsus huquqiy rejim amal qiladigan alohida hudud hisoblanadi. Uning dastlabki chegaralari markazni tashkil etish munosabati bilan qabul qilinadigan prezident farmoni asosida belgilanadi. Markaz faoliyatiga doir munosabatlar Konstitutsiyaviy qonun va uning organlari qabul qiladigan qarorlar bilan tartibga solinadi.

Markaz tomonidan qabul qilingan har bir qaror kuchga kirishidan oldin qarorlarning rasmiy reyestrida e’lon qilinishi shart. Shu tariqa ishtirokchilar va investorlarga qo‘llaniladigan qoidalarning ochiqligi hamda ulardan oldindan xabardor bo‘lish imkoniyati ta’minlanadi.

Markaz tuzilmasi

Toshkent xalqaro moliya markazi tuzilmasiga Markaz kengashi, Markaz ma’muriyati, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudi kiradi. Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi moliyaviy va qo‘shimcha xizmatlarni litsenziyalash, tartibga solish hamda nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. Xalqaro tijorat sudi esa o‘z vakolatiga kiruvchi nizolarni ko‘rib chiqadi va sud ma’murchiligini amalga oshiradi.

Markazning har bir organi moliya yili yakunlanganidan keyin to‘rt oy ichida yillik shaffoflik hisobotini e’lon qilishi lozim. Unda organ faoliyati, qabul qilingan qarorlar va bajarilgan ishlar haqidagi ma’lumotlar aks ettirilishi ko‘zda tutilgan.

Qonun yoki Markaz qarorlariga zid ravishda tijorat yoxud moliyaviy faoliyat yuritgan ishtirokchilarga katta miqdorda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin. Jarima miqdori $10 mlndan yoki qoidabuzarlikka sabab bo‘lgan bitim, o‘zaro bog‘liq bitimlar yoxud tegishli faoliyat qiymatining 10 foizidan oshmasligi kerak.

Qonunda markaz ishtirokchilariga chet ellik mutaxassislarni mehnat faoliyati huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz ishga qabul qilish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Markaz bilan bog‘liq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga besh yilgacha amal qiladigan kirish vizasini rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Senat Toshkent xalqaro moliya markazi haqidagi qonunni ma’qullagani haqida yozgan edi.

Shuningdek