O‘zbekistonda yozgi elektr energiyasi iste’molida yangi rekord qayd etildi

eʼlon qilindi
Iste’mol o‘tgan yilgi rekordga nisbatan 2,2 foizga oshgan
O‘zbekistonda yozgi elektr energiyasi iste’molida yangi rekord qayd etildi / Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda anomal issiq havo kuzatilishi fonida yozgi mavsum uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Iste’moldagi eng yuqori ko‘rsatkich

Ma’lum qilinishicha, 13-iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 281,5 mln kVt/soatni tashkil etdi. Shu kuni respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli esa 278,6 mln kVt/soatga yetdi.

Avvalgi rekord

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yozgi mavsumdagi eng yuqori natijadan 6 mln kVt/soatga yoki 2,2 foizga ko‘p. Avvalgi yozgi rekord 2025-yil 18-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda respublikada sutkalik elektr energiyasi iste’moli 272,6 mln kVt/soatni tashkil etgan.

Har ikki davrda ham havo harorati yuqori bo‘lgan. Xususan, 2025-yil 18-iyul kuni markaziy hududlarda havo harorati +40 °C gacha, cho‘l hududlarida esa +42…44 °C gacha ko‘tarilgan. Joriy yilning 13-iyul kuni ham shunga yaqin harorat kuzatilgan.

Rekord yangilanishi mumkin

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda havo haroratining yanada oshishi sabab elektr energiyasi iste’moli va energetika tizimi yuklamasi bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkichlar qayd etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jaziramada poyezd vagonlari sovitish tizimi yaxshi ishlamasligi haqida yozgan edik.

Shuningdek