Qiymat, yosh: yangi pensiya tizimida nimalar o‘zgaradi

eʼlon qilindi
Hozir fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkaziladi
Foto: Pexels.com

Shavkat Mirziyoyev sohani isloh qilish hamda yangi pensiya tizimini hisoblash tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hozir fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Ushbu mablag‘larga hisoblanadigan yillik 10 foizlik daromad bank omonatlaridagi daromaddan qariyb ikki barobar past ekani bildirilgan.

Shu sababli tizimning jozibadorligini oshirish uchun yangi mexanizm taklif qilindi. Unga ko‘ra, oylik ish haqi 7,6 million so‘mgacha bo‘lgan fuqaro pensiya hisobvarag‘iga ish haqining 5 foizini yo‘naltirsa, davlat qo‘shimcha ravishda yana 2,5 foiz mablag‘ ajratishi mumkin.

Oyligi 7,6 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun esa ushbu miqdordan oshgan daromad bo‘yicha to‘langan ijtimoiy soliqning 1 foizini ularning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish taklif etildi.

Pensiyani hisoblash tartibini ham o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Amaldagi tizimda pensiya oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi besh yillik ish haqi asosida hisoblanadi. Bunda oylikning 6 million so‘mdan yuqori qismi inobatga olinmaydi.

Yangi taklif nimalardan iborat

Taklifga ko‘ra, pensiya hisoblanadigan ish haqi davri besh yildan 20 yilgacha uzaytiriladi va daromad past bo‘lgan ayrim davrlarni hisobdan chiqarish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 2027-yildan pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini 6 million so‘mdan 6,6 million so‘mga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiyasi amaldagiga nisbatan 8 foizgacha oshishi mumkin.

Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda pensiya miqdori 3,3 barobar oshirilgan. 2021-yilgacha 1,1 million fuqaroning pensiyasi 400 ming so‘mdan kam bo‘lgan bo‘lsa, hozir eng kam pensiya 878 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu minimal iste’mol xarajatlari miqdori — 715 ming so‘mdan yuqori.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda pensiya islohotiga tayyorgarlik boshlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek