
Yangi taqdim etiladigan Samsung Galaxy S27 Ultra smartfoni uchta kamera bilan chiqishi mumkin. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Samsung muhandislari Galaxy S27 Ultra kameralari uchun bir nechta joylashuv variantini sinovdan o‘tkazmoqda. Kompaniya dizaynning qulayligi bilan birga ishlab chiqarish xarajatlarini ham kamaytirishga urinmoqda. Hozir ko‘rib chiqilayotgan prototiplarning hech birida orqa panel bo‘ylab cho‘zilgan oddiy gorizontal kamera bloki mavjud emas.
Agar yangi konstruksiyalar ishlab chiqarish uchun qimmat yoki amaliy jihatdan murakkab deb topilsa, Samsung Galaxy S26 Ultra’ning umumiy kamera dizaynini saqlab qolishi mumkin. Kompaniyaning ichki dizayn jamoasi ehtimoliy variantlar sonini qisqartirgani aytilmoqda. Ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan CAD fayllari yakunlangach, qurilmaning aniqroq tasvirlari tarqalishi mumkin.
Kameralar qanday bo‘ladi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S27 Ultra yangi sensorli 200 megapikselli asosiy kamera, avtofokusga ega 50 megapikselli ultra keng burchakli kamera hamda besh karra optik yaqinlashtirish imkonini beruvchi 50 megapikselli telekamera bilan jihozlanadi. Shu tariqa Samsung Galaxy S26 Ultra’dagi to‘rtta kamera o‘rniga uch kamerali tizimga o‘tishi mumkin.
Smartfonning old tomoniga 16 megapikselli selfi kamerasi o‘rnatilishi kutilmoqda. Manbalarda Samsung kvadrat shakldagi kamera sensoridan foydalanishi mumkinligi ham qayd etilgan. Bunday sensor qurilmaning holatini o‘zgartirmasdan turli formatlarda surat va video olish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.
Galaxy S27 seriyasining ehtimoliy taqdimotigacha kamida olti oy bor. Shu sababli qurilmaning kamera konfiguratsiyasi va tashqi ko‘rinishi hali o‘zgarishi mumkin. Samsung hozircha Galaxy S27 Ultra dizayni va texnik xususiyatlari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.
Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy S26 Ultra smartfoni 200 dollarga arzonlagani haqida yozgan edi.