Qashqadaryoda ham jazirama tufayli og‘ir yuk mashinalari harakatiga cheklov joriy etildi

eʼlon qilindi
Cheklovlar kunning eng issiq vaqtida amal qiladi
Qashqadaryoda jazirama tufayli og‘ir yuk mashinalari harakatiga cheklov joriy etildi
Foto: olx.uz

Qashqadaryo viloyatida anomal issiq ob-havo sabab avtomobil yo‘llarini saqlash maqsadida og‘ir yuk transporti harakatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritildi. Cheklovlar kunning eng issiq vaqtida amal qiladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Cheklov qachon amal qiladi

Unga ko‘ra, og‘ir yuk avtomobillarining Qarshi shahri, tuman markazlari va ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida harakatlanishi har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha cheklanadi.

Nima uchun bunday qaror qabul qilindi

Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qashqadaryoda kunduzgi havo harorati 42–44 darajagacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqori ko‘tarilmoqda. Bunday sharoitda asfalt qoplamasi 70–75 darajagacha qizib, yo‘llarning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi. Natijada og‘ir transport vositalari yo‘l qoplamasining deformatsiyalanishi va g‘ildirak izlari hosil bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Haydovchilarga murojaat qilindi

Mas’ullar yuk tashuvchi korxonalar va haydovchilardan tashuvlarni belgilangan cheklovlarni inobatga olgan holda rejalashtirishni hamda joriy etilgan tartibga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.

Viloyat hokimligi ta’kidlashicha, mazkur choralar yozning jazirama kunlarida avtomobil yo‘llarini muddatidan oldin shikastlanishdan himoya qilish, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l infratuzilmasining xizmat muddatini uzaytirishga qaratilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda ham yuk mashinalari harakati cheklangani haqida yozgandi.

Shuningdek