Zerikkan uchuvchi osmonda noodatiy iz qoldirdi — foto

eʼlon qilindi
Zerikkan uchuvchi osmonda noodatiy iz qoldirdi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan olindi/ Fototahrir: Samijon Juraqulov

Britaniyaning Ravenair aviakompaniyasida ishlaydigan uchuvchi sinov parvozi vaqtida samolyot yo‘nalishi orqali osmonda «I’m Bored», ya’ni «Zerikdim» degan yozuvni hosil qildi. G‘ayrioddiy parvoz yo‘nalishini Flightradar24 xizmati foydalanuvchilari payqagan.

Piper Tomahawk rusumli kichik bir dvigatelli samolyot 11-iyul kuni Liverpuldan havoga ko‘tarilgan. U qariyb ikki soat davomida Angliyaning shimoli-g‘arbiy qismi va Uels ustida parvoz qilgan.

Foto: Flightradar24

Uchuvchi qirg‘oqbo‘yi hududi osmonida yozuvni shakllantirish uchun taxminan 20 daqiqa davomida aniq burilishlarni amalga oshirgan. Natijada samolyotning radar orqali qayd etilgan yo‘nalishi «I’m Bored» jumlasiga o‘xshash shakl hosil qilgan.

Ma’lum qilinishicha, samolyotni 20 yoshli uchuvchi-instruktor boshqargan. U havo kemasi dvigatelining silindri almashtirilganidan keyin sinov parvozini bajarayotgan bo‘lgan.

Ravenair aviakompaniyasi hodisa davomida hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilmaganini bildirdi. Kompaniyaning operatsion direktori Ueyn Barrettning aytishicha, uchuvchi samolyotni tekshirish vaqtida shunchaki biroz ko‘ngil ochishga qaror qilgan.

Barrett, shuningdek, murakkab yozuvni parvoz yo‘nalishi orqali shakllantirish uchuvchining yuqori mahoratini namoyish etganini ta’kidladi.

Avvalroq «Kursiv» Toshkent va Yerevan o‘rtasida aviaqatnov tiklangani haqida yozgan edi.

Shuningdek