
Yoz oylarida O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida havo harorati 40–45 darajagacha, ayrim joylarda esa undan ham yuqori ko‘tarilishi kuzatiladi. Bunday ob-havo har qanday inson uchun noqulay bo‘lsa-da, homilador ayollar uchun issiqning ta’siri yanada kuchliroq seziladi.
Kursiv Uzbekistan respublika bo‘ylab kuzatiladigan anomal issiq va butun yoz bo‘yi homiladorlar qanday saqlanishi kerakligi haqida suhbatdoshlar tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:
- Jazirama homilador ayol organizmiga qanday ta’sir qiladi
- Homiladorlikning qaysi davrida issiq ko‘proq noqulaylik tug‘diradi
- Jaziramada qanday ehtiyot choralariga amal qilish kerak
- Homilador ayol qancha vaqt sayr qilishi mumkin
- Quyosh urishi yoki issiq urishining belgilari
- Organizm qizib ketganda nima qilish kerak
- Qachon shifokorga murojaat qilish zarur
- Homilador ayollar tajribasi: jazirama kunlarda o‘zlarini qanday asramoqda
Jazirama homilador ayol organizmiga qanday ta’sir qiladi
Homiladorlik vaqtida ayol organizmida qon hajmi ortadi, yurak va qon tomir tizimiga tushadigan yuk kuchayadi. Yuqori harorat esa tana haroratini oshirib, organizmning sovishini qiyinlashtiradi.

Issiq ob-havo quyidagi holatlarga sabab bo‘lishi mumkin:
- suvsizlanish;
- qon bosimining pasayishi;
- bosh aylanishi va holsizlik;
- tez charchash;
- qo‘l va oyoqlarda shishlar;
- hushdan ketish xavfining ortishi.
Agar organizm uzoq vaqt qizib ketsa, issiq yoki quyosh urishi rivojlanishi mumkin. Bu esa homilador ayol va homila uchun xavf tug‘diradi.
Homiladorlikning qaysi davrida issiq ko‘proq noqulaylik tug‘diradi
Birinchi trimestr (1 – 12 hafta)
Bu davrda toksikoz alomatlari issiqda kuchayishi mumkin. Ko‘ngil aynishi, qusish, bosh og‘rig‘i va ishtahaning pasayishi tez-tez uchraydi. Suvsizlanish xavfi ham yuqori bo‘ladi.
Ikkinchi trimestr (13 – 27 hafta)
Bu davrda organizmdagi qon hajmi sezilarli ortadi. Shu sababli jazirama qon bosimining pasayishiga, bosh aylanishiga va ba’zan hushdan ketishga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, dim va shamollatilmaydigan xonalarda uzoq qolish tavsiya etilmaydi.
Uchinchi trimestr (28 hafta va undan keyin)

Qorin kattalashgani sari harakatlanish qiyinlashadi. Issiq tufayli oyoq va qo‘llarda shishlar kuchayishi, nafas qisishi va umumiy holsizlik kuzatilishi mumkin.
Jaziramada qanday ehtiyot choralariga amal qilish kerak
Yetarli miqdorda suv iching: yozda homilador ayollar organizmi ko‘proq suyuqlikka muhtoj bo‘ladi. Kun davomida tez-tez va oz-ozdan toza ichimlik suvi ichish tavsiya etiladi. Suv miqdorini homiladorlikning borishi, shishlar yoki boshqa kasalliklar mavjudligiga qarab akusher-ginekolog bilan kelishish maqsadga muvofiq.

Shirin gazli ichimliklar, energetik ichimliklar va juda ko‘p kofeinli ichimliklarni cheklash tavsiya etiladi.
Kunning eng issiq vaqtida tashqariga chiqmang: O‘zbekiston sharoitida quyosh eng kuchli bo‘ladigan vaqt odatda soat 11:00 – 17:00 oralig‘iga to‘g‘ri keladi. Zarurat bo‘lmasa, aynan shu paytda ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etiladi.
Agar tashqariga chiqish zarur bo‘lsa:
- soyali yo‘llardan yuring;
- keng soyali bosh kiyim taqing;
- quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynakdan foydalaning;
- o‘zingiz bilan suv olib yuring.
Yengil kiyim kiying: tabiiy paxta yoki zig‘ir matodan tikilgan, och rangli va keng kiyimlar tanlash organizmning sovishiga yordam beradi.
Uyda salqin muhit yarating: xonalarni ertalab va kechqurun shamollating. Konditsioner yoki ventilyator ishlatayotganda sovuq havo to‘g‘ridan to‘g‘ri tanaga urilmasligiga e’tibor bering.

Eslatma: Avvalroq yozda uyni qanday salqin tutish mumkinligi haqida yozgandik.
Ovqatlanishga e’tibor bering: yozda yog‘li va og‘ir taomlar o‘rniga:
- yangi sabzavot va mevalar;
- qatiq va kefir;
- yengil sho‘rvalar;
- oqsilga boy mahsulotlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

Ovqatni uzoq vaqt issiqda saqlamaslik kerak, chunki yozda oziq-ovqat tez buziladi.
Shishlarning oldini oling: uzoq vaqt tik turmaslik, bir joyda o‘tirmaslik va imkon qadar oyoqlarni biroz balandroq qo‘yib dam olish foydali.
Homilador ayol qancha vaqt sayr qilishi mumkin
Mutaxassislar homiladorlik davrida har kuni sayr qilishni tavsiya etadi. Biroq yozda buni ertalab soat 10:00 gacha yoki kechqurun quyosh pasaygandan keyin amalga oshirish ma’qul.

Sayr davomida, albatta, suv iching, soyada dam oling va o‘zingizni charchatmang.
Quyosh urishi yoki issiq urishining belgilari
Quyidagi belgilar paydo bo‘lsa, darhol salqin joyga o‘tish kerak:
- kuchli bosh og‘rig‘i;
- bosh aylanishi;
- ko‘ngil aynishi;
- yurak urishining tezlashishi;
- tana haroratining ko‘tarilishi;
- hushyorlikning pasayishi;
- hushdan ketish.
Organizm qizib ketganda nima qilish kerak
Agar homilador ayol jaziramada o‘zini yomon his qilsa:
- darhol soyaga yoki salqin xonaga kiring;
- asta-sekin salqin suv iching;
- yuz, bo‘yin va qo‘llarga nam salqin mato qo‘ying;
- salqin dush qabul qiling (muzdek emas);
- tor kiyimlarni bo‘shating.
Agar holat yaxshilanmasa yoki bosh aylanishi, hushdan ketish, qorin og‘rig‘i, qon kelishi, homila harakatining kamayishi kuzatilsa, zudlik bilan tez tibbiy yordamga murojaat qilish lozim.
Qachon shifokorga murojaat qilish zarur
Quyidagi holatlar kuzatilganda vaqtni boy bermasdan shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi:
- tana harorati yuqori bo‘lib qolsa;
- ketma-ket qusish va suvsizlanish belgilari paydo bo‘lsa;
- kuchli shishlar yuzaga kelsa;
- qon bosimi keskin pasaysa;
- hushdan ketish kuzatilsa;
- homila harakatlari sezilarli kamaygan bo‘lsa;
- qorin og‘rig‘i yoki qonli ajralmalar paydo bo‘lsa.
Homilador ayollar tajribasi: jazirama kunlarda o‘zlarini qanday asramoqda
Dilafruz, 6 oylik homilador: Ko‘proq ertalab ishlarimni bitirishga harakat qilaman
Olti oylik homilador Dilafruzning aytishicha, yozning jazirama kunlarida kun tartibini ob-havoga moslashtirishga harakat qilmoqda.
«Shifokorim kunning eng issiq vaqtida tashqariga chiqmaslikni tavsiya qilgan. Shu sababli ertalab soat 8-9 gacha bozor yoki dorixonaga boradigan ishlarimni tugataman. Tushdan keyin imkon qadar uyda qolaman. Har doim yonimda suv bo‘ladi, tez-tez va oz-ozdan ichaman. Uyda konditsioner bo‘lsa ham, xonalarni ertalab va kechqurun shamollatamiz. Yengil paxtali kiyim kiyaman va imkon qadar ko‘proq dam olishga harakat qilaman».
Dilafruzning ta’kidlashicha, issiq kunlarda o‘zini majburlab uy yumushlarini bajarish o‘rniga organizmiga quloq tutish muhim.
Dilnoza: Homiladorlik davrida jazirama bilan kurashishni o‘rganganman
Uch farzandning onasi Dilnoza homiladorlik davrida yozning eng issiq oylarini boshidan o‘tkazganini aytadi. Uning fikricha, oddiy tavsiyalar ham issiqni yengilroq o‘tkazishga yordam beradi.
«Men homilador bo‘lganimda havo 43-44 darajagacha isirdi. Kunning issiq vaqtida umuman ko‘chaga chiqmasdim. Sayr qilishni faqat ertalab yoki quyosh botgandan keyinga qoldirardim. Meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilardim, sovuq emas, salqin suv ichardim. Oyoqlarim shishmasligi uchun uzoq vaqt tik turmaslikka harakat qilganman. Eng muhimi, o‘zimni ortiqcha charchatmaganman».
Dilnozaning aytishicha, har qanday noqulaylik paydo bo‘lsa, internetdagi maslahatlarga emas, shifokor tavsiyalariga amal qilish eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi.
Dildora, 3 oylik homilador: Suv ichishni unutmaslikka harakat qilyapman
Uch oylik homilador Dildora uchun bu ikkinchi homiladorlik. Uning aytishicha, ayniqsa, homiladorlikning dastlabki oylarida issiqni yengish biroz qiyin kechmoqda.
«Ba’zida ko‘nglim aynishi issiqda kuchayadi. Shifokorim suvsizlanmaslikni, ovqatni o‘z vaqtida yeyishni va uzoq vaqt quyosh ostida yurmaslikni tavsiya qilgan. Hozir imkon qadar ko‘proq suv ichishga, yengil ovqatlanishga va ko‘proq dam olishga harakat qilyapman».
Mutaxassislar ham homiladorlikning ilk oylarida organizm issiqqa sezgirroq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shu bois kuchli quyosh ostida uzoq qolmaslik, dim xonalarda ishlamaslik va holsizlik yoki bosh aylanishi kuzatilsa darhol salqin joyga o‘tish tavsiya etiladi.
O‘zbekistonning jazirama yozida homilador ayollar sog‘lig‘iga alohida e’tibor qaratishi muhim. Yetarli suyuqlik ichish, quyoshning eng issiq vaqtida tashqariga chiqmaslik, yengil kiyinish va salqin muhitda bo‘lish orqali issiqning salbiy ta’sirini sezilarli darajada kamaytirish mumkin.
Har bir homiladorlik o‘ziga xos kechishini unutmaslik kerak. Agar o‘zingizni odatdagidan boshqacha his qilsangiz yoki bezovta qiluvchi belgilar paydo bo‘lsa, mustaqil davolanish o‘rniga akusher-ginekolog bilan maslahatlashish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan homiladorlikda qanday ovqatlanish kerakligi haqida yozgandi.