2030-yilgacha 1,5 ming nafar yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasi yaratiladi

eʼlon qilindi
Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchilar saralab olinadi
2030-yilgacha 1,5 ming nafar yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasi yaratiladi / Foto: Hafiza Muxtorova

O‘zbekistonda 2030-yilgacha esa 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev shunga doir taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston intellektual salohiyat va yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi rivojlanish bosqichiga o‘tmoqda. Mamlakatga har yili $50 mlrddan ortiq investitsiya kirib kelmoqda, eksport hajmi esa $40 mlrdga yaqinlashmoqda. Shu bois davlat boshqaruvi va iqtisodiyot uchun malakali kadrlarni oldindan tayyorlash strategik ahamiyat kasb etadi.

Foto: President.uz

Kadrlarni sun’iy intellekt baholaydi

Taqdimotda sun’iy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver yo‘nalishlari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangani ma’lum qilindi. Ayniqsa, energetika, «yashil» texnologiyalar, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida malakali mutaxassislarga talab yuqori ekani qayd etildi.

Yangi tartibga ko‘ra, istiqbolli boshqaruvchilar 100 ballik mezon asosida baholanadi. Nomzodlarning bilimi, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, strategik fikrlashi va liderlik salohiyatini qamrab oluvchi portfolio tizimi joriy etiladi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida ular uchun individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

«TOP – 100» tanlovi va milliy kadrlar zaxirasi

Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini saralab olish, 2030-yilgacha esa 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, rahbarlik lavozimlari uchun zaxirani shakllantirish maqsadida «TOP – 100» ochiq tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, ta’lim, axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladi. Nomzodlar test, kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. G‘oliblar maxsus o‘quv kurslarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

Foto: President.uz

«El-yurt umidi» faoliyati kengaytiriladi

Taqdimotda xorijdagi vatandoshlar va dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetida tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 2026-yil 1-oktabrdan career.edu.uz platformasida «Xorijdagi talabalar» moduli ishga tushiriladi. U orqali chet elda tahsil olayotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularning amaliyot o‘tashi hamda keyinchalik ishga jalb etilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, «El-yurt umidi» jamg‘armasi dasturlarini hududlar va tarmoqlarning ehtiyojlariga moslashtirish, iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, ularning ta’lim xarajatlarini yirik korxonalar bilan hamkorlikda moliyalashtirish, startap va ilmiy loyihalarni kichik grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga yangi rais tayinlangan edi.

Shuningdek