Jazirama ortidan Jizzaxdagi 103 ta davlat bog‘chalari ham yopildi

Jizzax viloyatida kutilayotgan anomal issiq tufayli ayrim davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat MTTB ma’lum qildi.
«O‘zgidromet» agentligiga ko‘ra, 2026-yil 15 – 17-iyul kunlari Jizzax viloyatida havo harorati 44–45°C gacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida Jizzax viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tavsiyasiga asosan Arnasoy, Mirzacho‘l, Zafarobod, Zarbdor, Paxtakor tumanlari hamda Jizzax shahridagi jami 103 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati 2026-yil 15 – 17-iyul kunlari vaqtincha to‘xtatiladi.
Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, tasarrufidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 2026-yil 20-iyuldan odatiy tartibda davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatidagi ayrim davlat bog‘chalari vaqtincha yopilgan edi.