Afrikadan kelgan posilkadan 728 gramm kokain chiqdi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda
Afrikadan kelgan posilkadan 728 gramm kokain chiqdi
Foto: DXX

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Afrikadan kelgan 728 gramm kokain hamda 17,6 ming tup noqonuniy ekilgan ko‘knori aniqlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Birinchi holat Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari hamkorligida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida fosh etildi. Syerra-Leonedan yuborilgan kuryerlik jo‘natmasini xususiy pochta xizmatidan qabul qilib olayotgan Yashnobod tumanida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan shaxs to‘xtatildi.

Foto: DXX

Jo‘natma belgilangan tartibda tekshirilganda, avtomobil ehtiyot qismlari ichiga 728 gramm kokain yashirilgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Gumonlanuvchi avval ham sudlangan shaxs ekani qayd etildi.

Tezkor tadbir davomida uning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirildi. U yerdan zip-paketlarga joylangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik vositalar bo‘lgan shirinliklar topildi. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Foto: DXX

Tog‘ yonbag‘ridagi og‘u

Ikkinchi holat Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida aniqlandi. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, 1971-yilda tug‘ilgan fuqaro taqiqlangan ko‘knori o‘simliklarini ekib, parvarishlab kelgan.

Gilavasoy qishlog‘ining tog‘ yonbag‘ridagi yer maydoni tekshirilganda, jami 17 600 tup ko‘knori va to‘qqiz tup kannabis o‘simligi borligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, fuqaroning yashash xonadonidan quritilgan ko‘knori boshoqlari hamda quritilib, maydalangan holatda saqlangan ko‘knori topildi.

Mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi ikkinchi qismi «v» bandi hamda 25 va 273-moddasi oltinchi qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda har ikki holat bo‘yicha narkotik moddalarning kelib chiqishi, ularni saqlash va tarqatish bilan bog‘liq boshqa shaxslarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 3,2 kg giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olingani haqida yozgan edi.

Shuningdek