1-oktabrdan qurilish uchun yagona ID talab etiladi

eʼlon qilindi
Milliy qo‘mita va BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi — UN-Habitat o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
1-oktabrdan qurilish uchun yagona ID talab etiladi
Rasm: SI

O‘zbekistonda qurilish jarayonlarini raqamlashtirish va ularning shaffofligini oshirish maqsadida yangi ID hamda nazorat tizimlari joriy etiladi. Shuningdek, Milliy qo‘mita huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki tashkil qilinadi.

Qarorga ko‘ra, qurilishning barcha bosqichlarini kuzatib borish uchun «Uy-joy» yagona raqamli urbanizatsiya platformasida Istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatori, Loyihaning raqamli pasporti hamda Kapital qurilish obyekti raqamli pasporti shakllantiriladi. Ushbu ma’lumotlar «Shaffof qurilish» tizimi bilan integratsiya qilinadi.

2026-yil 1-oktabrdan boshlab Yagona identifikatorda maxsus identifikatsiya raqamini olmagan qurilish loyihalariga ishlarni boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi. Bu orqali har bir qurilish hududi va obyektining huquqiy holati, loyihalash jarayoni hamda qurilish bosqichlarini yagona raqamli tizim orqali nazorat qilish ko‘zda tutilgan.

Ta’limda ham yangilik

2027/2028-o‘quv yilidan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti faoliyat boshlaydi. Fakultet shaharlarni kompleks rivojlantirish, aglomeratsiyalarni boshqarish va zamonaviy urbanistik yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashadi.

Milliy qo‘mita huzurida tashkil etiladigan Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki esa sohaga innovatsion g‘oyalar, zamonaviy loyihalash usullari hamda kreativ yondashuvlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joylar bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini yaxshilash hamda iqlimga chidamlilikni kuchaytirish maqsadida Milliy qo‘mita va BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi — UN-Habitat o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

1-noyabrdan master-rejalar yagona reyestrga kiritiladi

2026-yil 1-noyabrdan O‘zbekistonda aholi punktlarining master-rejalari Yagona elektron reyestr orqali hisobga olinadi. Reyestr Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tomonidan yuritiladi, tasdiqlangan hujjatlarning raqamlashtirilgan nusxalari esa qo‘mitada saqlanadi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, Yagona elektron reyestrdan ro‘yxatdan o‘tmagan master-rejalarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, bunday hujjatlar asosida shaharsozlik, qurilish, investitsiya va boshqa faoliyatlarni olib borish ham taqiqlanadi. Shu tariqa hududlarni rivojlantirishga oid barcha muhim loyihalarni yagona tizim orqali nazorat qilish ko‘zda tutilmoqda.

Aholi punktining bosh rejasi tasdiqlangan kundan boshlab uch oy ichida uni amalga oshirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishi kerak. Mazkur dastur uch yildan besh yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallanadi.

Kompleks dasturlarning bajarilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kengashlari majlislarida muntazam ko‘rib chiqiladi. Amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar ommaviy axborot vositalarida ham yoritib borilishi lozim.

Bosh rejasi mavjud bo‘lmagan yoki amaldagi bosh rejasi ishlab chiqilganiga o‘n yil va undan ortiq vaqt o‘tgan aholi punktlari uchun yangi bosh rejalar hamda batafsil rejalashtirish loyihalari respublika budjeti hisobidan tayyorlanadi.

Milliy qo‘mita huzuridagi Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi «Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi» idoralararo dasturiy kompleksining administratori etib belgilanadi. Markaz shaharsozlik hujjatlarini raqamlashtirish, tizimlashtirish va tegishli tashkilotlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini ta’minlaydi.

Hisob palatasi Milliy qo‘mita hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar aholi punktlarining master-rejalarini ishlab chiqishga sarflangan mablag‘lar va tayyorlangan hujjatlarning saqlanish holatini o‘rganadi.

Bundan tashqari, Milliy qo‘mita tasdiqlangan master-rejalarning asl nusxalarini markazlashgan holda jamlash va saqlashni ta’minlaydi. Bu hududlarni rivojlantirishga oid hujjatlarning yo‘qolishi, turli idoralarda tarqoq holda saqlanishi hamda tasdiqlanmagan rejalar asosida qurilish olib borilishining oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Toshkentdagi qurilish obyektida kanalizatsiya quvuri yorilib ketgani haqida yozgan edi.

Shuningdek