Mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 rahbar ishdan olindi

Yil boshidan buyon mahallalarda ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi. Yana 700 nafar mas’ulga intizomiy chora ko‘rildi.
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambag‘al oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmayotgani tanqid qilindi.
Qorao‘zak, Marhamat, Mirishkor, Nurobod va Termiz tumanlarida bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.
32 ta mahallada birorta ehtiyojmand ishga joylashtirilmagan
Ma’lumotlarga ko‘ra, 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand fuqaro doimiy ishga joylashtirilmagan.
Shuningdek, 883 ta mahallada bankirlar xonadonbay yurib loyiha qilmagan va tadbirkorlar bilan uchrashmagan.
Mas’ullarga soliq va jinoyatchilik bo‘yicha ham savollar qo‘yildi
Mahallalarda soliq tushumlari, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal qilish bo‘yicha ham mas’ullarning faoliyati muhokama qilindi.
Davlat rahbari mahalla odamlar uchun haqiqiy ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylanishi kerakligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida sobiq mahalla raisi va uning o‘g‘li olti nafar fuqaroning pasport ma’lumotlaridan foydalanib, ularning nomiga kredit rasmiylashtirgani aniqlangandi.