Mahallalarda resurs va vakolat bor, mas’uliyat va tashabbuskorlik yo‘q — prezident

Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida mahallalarda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va hududlardagi muammolarni tezkor hal etish masalalari muhokama qilindi. Unda davlat rahbari ayrim mahallalarni tanqid ostiga oldi.
Mahallalarga qo‘shimcha mablag‘ va vakolatlar berildi
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, joriy yilda infratuzilmani yaxshilash, aholi va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 mlrd so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratilgan.
Shuningdek, tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum bo‘yicha vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududda qoladigan qo‘shimcha daromad hajmi ikki barobargacha oshdi. Natijada tumanlarda o‘rtacha 22 mlrd so‘m, mahalla budjetlariga esa o‘rtacha 150–200 mln so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi.

Ayrim mahallalarda muammolar o‘z vaqtida hal etilmayapti
Prezident ayrim mahallalarda mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotganini tanqid qildi. Xususan, joriy yilning o‘zida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 tadan ortiq murojaat kelib tushgan.
Bu holat ayrim mahalla raislari hudud bo‘yicha master-reja ishlab chiqmayotgani, bo‘sh yerlar va bino-inshootlarni iqtisodiy aktivga aylantirish ustida ishlamayotgani hamda yuqori tashkilotlar oldiga aniq masalalarni qo‘ya olmayotgani bilan izohlandi.
Shuningdek, «Tashabbusli budjet» dasturi doirasida joriy yilda 7,5 trln so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2136 ta mahallada birorta loyiha g‘olib bo‘lmagan.
Kichik loyihalar va bandlik masalasi tahlil qilindi
Yig‘ilishda mahallalarda kichik loyihalarni ko‘paytirish va aholini ish bilan ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. So‘nggi olti oyda banklar tomonidan kichik loyihalar uchun 18,5 trln so‘m mablag‘ ajratilib, ushbu resurslar hisobidan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirildi va 259 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.
Biroq, 47 ta mahallada atigi ikkitadan mikroloyiha ishga tushirilgani qayd etilib, bu boradagi ishlarni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha 1,5 ming nafar yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasi yaratilishi haqida xabar bergan edik.