Dori o‘rniga xavf: yashirin sex va omborlar fosh bo‘ldi

G‘ijduvon va Nukus tumanlarida tashkil etilgan yashirin sex va omborlarda qalbaki, sertifikatsiz hamda yaroqlilik muddati o‘tgan 70 mingdan ortiq dori vositasi saqlangani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari G‘ijduvon tumanida yashovchi tadbirkorga tegishli dorixona, uy va avtomobilni ko‘zdan kechirdi. Tekshiruv davomida tadbirkor yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, dori vositalarining yorliq va yo‘riqnomalarini almashtirish orqali qalbaki mahsulotlar tayyorlagani aniqlandi.

Ushbu manzillardan 111 turdagi jami 25 716 dona dori vositasi, bo‘sh qutilar, yorliqlar, yo‘riqnomalar hamda boshqa jihozlar olib qo‘yildi. Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xulosasiga ko‘ra, aniqlangan dorilarning 30 turi davlat reyestridan o‘tkazilmagan, yana 50 turiga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan.
G‘ijduvondagi xonadonda qalbaki dori sexi aniqlandi
G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan boshqa tezkor tadbirda farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari davlat reyestrida qayd etilmagan va sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 16 dona «Oktagam» dori vositasini xaridorga $5,6 mingga sotayotgan vaqtida ushlandi. Keyingi tekshiruvda unga tegishli dorixonadan sifat sertifikati bo‘lmagan 109 turdagi jami 32 094 dona dori vositasi hujjatlashtirib olindi.

DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi va bojxona organlari xodimlari o‘tkazgan tadbirda esa Nukus tumanida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z uyida noqonuniy ombor tashkil qilgani aniqlandi. Xonadondan 65 turdagi jami 12 958 dona dori vositasi, shuningdek, ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan 2 410 dona shtrix-kod va etiketka olib qo‘yildi.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur dorilarni saqlashda belgilangan talablarga rioya qilinmagan. Ularning 16 turining yaroqlilik muddati o‘tib ketgani ham ma’lum bo‘ldi.
Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Navoiyda tergovchi fosh etilgani haqida yozgan edi.