Isroilga ish va’dasi 2 ming dollarlik tuzoq bilan tugadi

Samarqand viloyatining Urgut tumanida fuqaroni Isroilga ishga yuborishni va’da qilib, undan pul talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Urgut tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida shaxs boshqa bir fuqaroni Isroilga ishlash uchun yuborib berishini aytib, buning evaziga $16 ming talab qilgani aniqlandi.
U kelishilgan pulning dastlabki qismi sifatida $2 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozircha shaxs fuqaroni xorijga ishga yuborish uchun qanday imkoniyat yoki vakolatga ega ekaniga oid qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 168-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Buxoroda Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.
Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘zini ko‘p yillardan buyon Germaniyaga ishlash uchun qatnab yurgan shaxs sifatida tanishtirgan. Shuningdek, yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqarolarni Germaniyaga ishga yuborishini va’da qilgan.
Natijada mazkur shaxs ushbu va’dalar evaziga uch nafar fuqarodan firibgarlik yo‘li bilan jami $19,8 ming hamda 2 mln so‘mni qo‘lga kiritgan.