Anomal issiqda elektr iste’moli keskin oshgani sabab qisqa muddatli cheklovlar joriy etildi

eʼlon qilindi
Maxsus brigadalar tunu kun ishlamoqda
Anomal issiqda elektr iste’moli oshgani sabab qisqa muddatli cheklovlar joriy etildi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda anomal issiq havo sabab elektr energiyasi iste’moli keskin oshdi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.

16-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 295,4 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bu 15-iyuldagi 291,4 mln kVt/soatlik ko‘rsatkichdan 4 mln kVt/soat yoki 1,37% ko‘p.

Tarmoqlarda yuklama oshgan

Energetika tizimiga ko‘ra, anomal issiqda ochiq havoda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari odatdagidan ko‘proq qiziydi.

Kunduzgi vaqtlarda konditsioner, muzlatkich va boshqa sovitish uskunalaridan foydalanish ortgani sabab tarmoqlarga tushayotgan yuklama yanada kuchaymoqda.

Ayrim hududlarda qisqa muddatli cheklovlar joriy etildi

Yirik avariyalarning oldini olish uchun ayrim hududlarda elektr ta’minoti qisqa muddatga cheklanishi mumkin.

Jumladan, Qashqadaryoning Ko‘kdala va Chiroqchi tumanlarida 1,7 mingta, Jizzaxning Sharof Rashidov va Zomin tumanlarida 1,2 mingta, Xorazmning Shovot, Gurlan va Qo‘shko‘pir tumanlarida 1,3 mingta, Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota tumanlarida mingta iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotidan uzilgan.

Maxsus brigadalar tun-u kun ishlamoqda

Hududlarda elektr tarmoqlaridagi nosozliklarni tezkor bartaraf etish uchun maxsus avariya brigadalari tashkil etilgan.

Mas’ullar iste’molchilardan elektr energiyasidan tejamkor foydalanishni, zarurat bo‘lmasa, elektr jihozlarini ortiqcha ishlatmaslikni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq anomal issiqda «Tez yordam»ga 167 mingga yaqin chaqiriq bo‘lgani haqida xabar berilgandi. SSV ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi to‘rt kundagi chaqiriqlar soni undan avvalgi 9–12-iyul kunlari bilan solishtirilganda jiddiy oshmagan.

Shuningdek