Valyuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini o‘zgartirishga ruxsat berildi

Endilikda tadbirkorlar ichki valyuta bozoridan xarid qilingan valyuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini o‘zgartira oladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirishni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Amaldagi tartib qanday edi
«Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq chet el valyutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valyuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lardan faqat buyurtmalarda ko‘rsatilgan maqsadlar uchun foydalanish talab etiladi.
Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat
Amaldagi tartibga ko‘ra, bitta shartnoma doirasida sotib olingan valyuta mablag‘laridan boshqa shartnoma uchun foydalanish zarur bo‘lsa, mijoz avval ushbu valyutani bankka sotishi, so‘ng yangi maqsad uchun qayta sotib olishi kerak edi.
Kiritilgan o‘zgartirish bilan tadbirkorlik subyektlariga ichki valyuta bozoridan xarid qilingan valyuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini o‘zgartirish imkoniyati yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pasport va ID-kartani yo‘qotganlik uchun jarima bekor qilinishi haqida yozgan edik.