Jazirama yuzaga keltirayotgan muammolar, ish vaqti qisqargan Toshkent metrosi — 17-iyul yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 17-iyul kuni mahalliy va xalqaro maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
Sindorov va Abdusattorov FIDE mukofotiga da’vogarlik qilmoqda
O‘zbekistonlik grossmeysterlar Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan yilning eng yaxshi shaxmatchisi unvoniga nomzodlar qatoriga kiritildi. Ular ushbu mukofot uchun jahonning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen bilan raqobatlashadi.
Eng yaxshi shaxmatchi nominatsiyasiga, shuningdek, Fabiano Karuana, Arjun Erigaisi, Alireza Firuzja, Anish Giri, Gukesh Dommaraju, Vinsent Keymer va Praggnanandha Rameshbabu ham da’vogarlik qilmoqda. G‘olib FIDE tomonidan tuzilgan maxsus komissiya qarori asosida aniqlanadi.
Toshkentda 5 ta avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgartirildi
Toshkentda Bektemir yo‘li va Katta halqa yo‘li kesishmasida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli ayrim avtobuslar harakati vaqtincha o‘zgartirildi. O‘zgarish 93, 110, 117, 128 va 130-sonli yo‘nalishlarga taalluqli.
Avtobuslar boshqa ko‘chalar orqali yuradi
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Food City savdo markazidan keyin avtobuslar Katta halqa yo‘li, Furqat ko‘chasi va Bektemir yo‘li orqali harakatlanadi.
Toshkent viloyatida «zapravka»dagi portlash natijasida uch kishi shifoxonaga yotqizildi
Zangiota tumanida joylashgan avtomobillarga propan gaz to‘ldirish shoxobchasida yuz bergan portlash oqibatida uch kishi tan jarohati oldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Hodisa kechki payt sodir bo‘ldi
Unga ko‘ra, 16-iyul kuni soat 22:46 atrofida M-39 avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan propan gaz quyish shoxobchasida propan saqlash sig‘imi hamda gaz tashishga mo‘ljallangan maxsus avtomashinada chaqnash yuz bergan.
O‘zbekistonda pasport va ID-kartani yo‘qotganlik uchun jarima bekor qilinadi
O‘zbekistonda pasport, ID-karta yoki xorijga chiqish pasportini yo‘qotgan fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi. Bu haqda prezidentning 15-iyuldagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Buning o‘rniga yangi hujjatni rasmiylashtirishda qo‘shimcha davlat boji to‘lash tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.
JCh finali uchun eng arzon chipta narxi 7,7 ming dollardan oshdi
Argentina va Ispaniya o‘rtasidagi Jahon chempionati finali oldidan chiptalar narxi keskin oshdi. TicketData ma’lumotiga ko‘ra, eng arzon chipta narxi uch kun ichida 16 foizga ko‘tarilib, $7 790 ga yetdi.
Messi omili talabni oshirmoqda
Tahlilchilar narx oshishini finalda Argentina ishtirok etayotgani va bu Lionel Messining so‘nggi Jahon chempionati o‘yini bo‘lishi mumkinligi bilan izohlamoqda.
TicketData asoschisi Kit Pajelloning aytishicha, Messi chiptalar narxiga deyarli hech bir sportchi kabi ta’sir qila oladi. Ayrim muxlislar finalga Argentina yoki Ispaniyani qo‘llab-quvvatlash uchun emas, balki Messining ehtimoliy so‘nggi mundial o‘yinini ko‘rish uchun boradi.
Ohangarondagi chiqindi poligoni qariyb 700 million so‘m tovon to‘laydi
Ohangarondagi maishiy chiqindilar poligonida yuz bergan yong‘in oqibatida atmosfera havosining ifloslanishi yuzasidan 683,9 mln so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Poligondagi yong‘in havoni zaharlagan
Ekopolitsiya xodimlari tomonidan 11 – 12-iyul kunlari Toshkent shahri havosining ifloslanishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Anomal issiqda «Tez yordam»ga 167 mingga yaqin chaqiriq bo‘ldi
So‘nggi to‘rt kunda respublika bo‘yicha «103» xizmatiga jami 166,7 mingta chaqiriq kelib tushdi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, jazirama kunlarga qaramay, tez yordamga murojaatlar dinamikasi barqaror saqlangan.
Chaqiriqlar sonida keskin o‘sish kuzatilmagan
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurovning aytishicha, anomal issiq kuzatilgan kunlarda barcha murojaatlar belgilangan tartibda qabul qilinib, bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmoqda.
Toshkent metrosining ish vaqti 2,5 soatga qisqartirildi
Toshkent metropolitenining Yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida poyezdlar harakati vaqtincha qisqartirilgan jadval asosida tashkil etiladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va bekatlarning texnik holatini qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish munosabati bilan 17–19-iyul kunlari mazkur yo‘nalishdagi poyezdlar soat 06:00 dan 22:30 gacha qatnaydi. Shu tariqa yo‘nalishning kunlik ish vaqti 2,5 soatga qisqartiriladi.
Anomal issiqda elektr iste’moli keskin oshgani sabab qisqa muddatli cheklovlar joriy etildi
O‘zbekistonda anomal issiq havo sabab elektr energiyasi iste’moli keskin oshdi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
16-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 295,4 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bu 15-iyuldagi 291,4 mln kVt/soatlik ko‘rsatkichdan 4 mln kVt/soat yoki 1,37% ko‘p.
Jazirama sabab poyezd vagonlarida sovutish tizimi sustlashishi mumkin
O‘zbekistonda havo harorati keskin ko‘tarilgani sabab poyezd vagonlarida sovutish tizimi sustlashishi mumkin. Ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar harakat tezligiga vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatildi.
«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar yo‘lovchilar va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash uchun joriy etilgan. Shuningdek, bu temiryo‘l infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashini saqlashga qaratilgan.