
Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy A56, Galaxy A35 va Galaxy A25 smartfonlari uchun 2026-yil iyul oyiga mo‘ljallangan xavfsizlik yangilanishini tarqatishni boshladi. Yangi dasturiy ta’minot avvalgi versiyada aniqlangan 57 ta xavfsizlik muammosini bartaraf etadi, deb yozmoqda SamMobile.
Yangilanish Osiyo, Yevropa va Janubiy Amerika mamlakatlarini ham qamrab olgan holda bosqichma-bosqich global miqyosda taqdim etilmoqda. Galaxy A56 uchun yangilanish A566EXXSCCZG6, Galaxy A35 uchun A356NKSS9DZG1, Galaxy A25 uchun esa A256U1UESCEZG1 proshivka raqami bilan chiqarilgan.

Yangilanish qanday ishlaydi
Xavfsizlik to‘plami smartfonlar tizimidagi zaifliklarni yopish, qurilmalarning himoyasini kuchaytirish hamda dasturiy ta’minot barqarorligini oshirishga qaratilgan. Yangilanish yangi yirik funksiyalarni olib kelmasligi mumkin, biroq foydalanuvchilarga uni imkon qadar tezroq o‘rnatish tavsiya etiladi.
Yangi proshivkaning mavjudligini tekshirish uchun smartfon sozlamalariga kirib, «Dasturiy ta’minotni yangilash» bo‘limini ochish va yangilanishlarni tekshirish tugmasini bosish kerak. Yangilanish hududlar va mobil operatorlarga qarab turli vaqtda paydo bo‘lishi mumkin.
Galaxy A56, Galaxy A35 va Galaxy A25 hozirda Android 16 QPR2 operatsion tizimiga asoslangan One UI 8.5 interfeysida ishlaydi. Ushbu modellarning barchasi Android 17 asosidagi One UI 9.0 yangilanishini olish huquqiga ega.
Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy S26 smartfonini nega sotib olish kerakligi haqida yozgan edi.