Xodimlarni soat 10:00 – 17:00 oralig‘ida jamoaviy ishlarga jalb qilish taqiqlanadi

Davlat mehnat inspeksiyasi anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq hududlarda hashar va ommaviy mehnat tadbirlarini tashkil etmaslik bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi.
Mehnat kodeksi hamda sanitariya me’yorlariga ko‘ra, havo harorati 36 daraja va undan yuqori bo‘lganda ochiq maydondagi mehnat o‘ta xavfli sharoit hisoblanadi.
Soat 10:00 – 17:00 oralig‘ida hashar o‘tkazish taqiqlanadi
Inspeksiya ish beruvchilarga soat 10:00 dan 17:00 gacha ochiq hududlarda hasharlar, ommaviy mehnat tadbirlari va boshqa jamoaviy ishlarni o‘tkazmaslikni tavsiya etdi. Zarur ishlar imkon qadar ertalab yoki kechki salqin vaqtlarga ko‘chirilishi kerak.
Shoshilinch ishlarda maxsus tartib qo‘llanadi
Kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarda ish va dam olish rejimini o‘zgartirish, ish vaqtini qisqartirish, xodimlarni ichimlik suvi, soyali dam olish joylari, shaxsiy himoya va birinchi tibbiy yordam vositalari bilan ta’minlash talab etiladi. Shuningdek, xodimlarning sog‘lig‘i doimiy nazorat qilinib, ahvoli yomonlashganlar zudlik bilan ishdan chetlashtirilishi lozim.
Qonunbuzarlik javobgarlikka sabab bo‘ladi
Davlat mehnat inspeksiyasi mehnatni muhofaza qilish talablari buzilishi hamda xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan sharoitlar yaratilishi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka olib kelishini eslatdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan issiqda xodimlarni himoya qilish uchun hokimliklarga ko‘rsatma yuborilgani haqida yozgandi.