Jizzaxda 1,9 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilindi

eʼlon qilindi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Jizzaxda 1,9 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilindi
Foto: Uzreport

Jizzax viloyatida soxta xarid cheklari orqali 1,9 mlrd so‘m budjet mablag‘larini keshbek sifatida o‘zlashtirish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda 3 nafar fuqaro va MChJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.

Ular amalda yetkazib berilmagan 16,6 mlrd so‘mlik mahsulotlar bo‘yicha soxta ma’lumotlarni rasmiylashtirgan. Shuningdek, savdodan tushgan mablag‘lar nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani va mahsulotlar fuqarolarga sotilgani haqida 3 106 ta xarid cheki chiqarilgan.

Mazkur cheklar ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar nomidan «Soliq Mobile» ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilib, keshbek pullari yechib olingan. Natijada 1,9 mlrd so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani qayd etilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 228-moddasi – hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» 1-sentabrdan onlayn to‘lovlar uchun universal QR-kod joriy etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek