
Smart kompaniyasi yangi ikki o‘rindiqli Smart #2 elektromobilining ishlab chiqarisholdi prototiplarini global sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Kompaniyaning 20-iyuldagi bayonotiga ko‘ra, Smart #2 poligonlar, aerodinamik quvurlar, akustik kameralar va harorat nazorat qilinadigan maxsus sinov uskunalarida tekshirilmoqda. Dastur favqulodda yo‘nalish almashtirish, nam yo‘ldagi boshqaruv, shovqin va tebranishlarni kamaytirish sinovlarini qamrab oladi.
Elektromobilning qishki sinovlari Xitoyning shimoli-sharqida ham o‘tkazilgan. Biroq Smart sinovlarning aniq natijalari, barcha hududlar va foydalanilgan markazlar ro‘yxatini hozircha oshkor qilmagan.
Smart #2 Mercedes-Benz global dizayn jamoasi va Smart global tadqiqot hamda ishlanmalar bo‘limi hamkorligida yaratilmoqda. Model Electric Compact Architecture – ECA platformasiga qurilgan bo‘lib, ikki o‘rindiqli salon, orqa g‘ildirakdan tortish tizimi va yangi avlod tridion xavfsizlik karkasiga ega bo‘ladi. Muhandislar avtomobil shassisi, kuzov konstruksiyasi va boshqaruv xususiyatlarini takomillashtirish ustida ishlamoqda.
Texnik imkoniyatlar

Avval taqdim etilgan konsept 35,7 kVt/soat sig‘imli batareya, WLTP sikli bo‘yicha qariyb 300 km yurish zaxirasi va 10 foizdan 80 foizgacha taxminan 20 daqiqada quvvatlanish imkoniyatiga ega edi. Shuningdek, uning burilish diametri 6,95 metr ekani aytilgan. Biroq kompaniya ushbu ko‘rsatkichlar seriyali versiyada saqlanib qolishini tasdiqlamagan.
Smart bosh direktori Tun Syanbey avvalroq model uchun CLTC sikli bo‘yicha 400 km yurish masofasi maqsad qilinganini bildirgan edi. Bu ham hozircha ishlab chiqarish modeli uchun tasdiqlangan texnik ko‘rsatkich emas.
Smart #2 ning dastlabki sinovlari 2025-yil dekabrida modifikatsiya qilingan Smart fortwo avtomobillari yordamida boshlangan. Hozir loyiha to‘liq ishlab chiqarisholdi prototiplarini tekshirish bosqichiga o‘tdi.
Yangi elektromobil kompaniyaning 2026-yilgi mahsulot rejasidan o‘rin olgan. Smart yil davomida #2 va #6 modellarini taqdim etish, yangi bozorlarga kirish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimini yangilashni rejalashtirmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Smart yangi elektromobillarini taqdim etishi haqida yozgan edi.