Qozog‘iston neftini tashiyotgan tankerlarga Ukraina dronlari zarba berdi

Ukraina dronlari Qora dengizdagi Kaspiy quvur konsorsiumi dengiz terminali yaqinida Qozog‘iston neftini ortayotgan fuqarolik tankerlariga hujum qildi. Hodisa ortidan Qozog‘iston rasmiylari keskin bayonot bilan chiqdi.
Hujumlar iqtisodiy manfaatlarga tahdid sifatida baholandi
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, 17 va 19-iyul kunlari Qora dengiz akvatoriyasida KQK infratuzilmasi orqali qonuniy ravishda neft tashish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolik kemalariga dronlar yordamida hujum qilingan. Vazirlik bunday harakatlarni mamlakatning iqtisodiy manfaatlariga qaratilgan tajovuz hamda xalqaro savdo, jahon energetika bozorlari va transport-logistika zanjirlarini izdan chiqarishga qaratilgan urinish sifatida baholadi.
Ekipaj xavf ostida qolgan
Bayonotda qayd etilishicha, Qora dengiz akvatoriyasiga KQK terminallarida neft ortish uchun kirayotgan fuqarolik kemalari haqidagi axborot almashish mexanizmi avval barcha manfaatdor tomonlar tomonidan kelishilgan edi. Biroq ushbu tartib ataylab e’tiborsiz qoldirilgani oqibatida fuqarolik kemalari ekipajlarining hayoti va xavfsizligi xavf ostida qolgan.
Qozog‘iston hujumlarni to‘xtatishni talab qildi
Qozog‘iston eksport qilinayotgan uglevodorod xomashyosi infratuzilmasi xavfsizligini ta’minlash maqsadida bunday hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishni hamda zarur choralarni ko‘rishni talab qildi. Shuningdek, hamkor davlatlarni ushbu hujumlarni qat’iy qoralashga va xalqaro huquq normalariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga chaqirdi.
Zarar baholanmoqda
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Qozog‘iston yetkazilgan zarar miqdorini har tomonlama baholamoqda. Baholash yakunlariga ko‘ra, mamlakat xalqaro huquqda nazarda tutilgan barcha mexanizmlar, jumladan, yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha da’volar bilan chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Shuningdek, Qozog‘iston nizolarni faqat tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini, xalqaro huquq tamoyillari, kemalar erkin harakatlanishi hamda xalqaro transport-logistika va energetika yo‘nalishlarining uzluksiz ishlashini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Zarba bergan tomon rasman ochiqlanmagan
Ma’lumot uchun, e’lon qilingan bayonotlarda fuqarolik tankerlariga dronlar yordamida hujum uyushtirilgani qayd etilgan. Biroq hujumni aynan qaysi tomon amalga oshirgani rasman ma’lum qilinmagan va ayblanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Kiyevga hujum uyushtirgani haqida xabar bergan edik.