O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 22,9 foizga ko‘paydi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyul holatiga mamlakatda 20 ming 502 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari e’lon qilindi.
Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 3 817 taga yoki 22,9 foizga ko‘p.
Xitoy birinchi o‘rinda
Xorijiy investorlar orasida Xitoy yetakchilikni saqlab qolmoqda. Mamlakatda xitoylik investorlar ishtirokidagi 6 ming 60 ta korxona faoliyat yuritmoqda. So‘nggi bir yil ichida ularning soni 1 868 taga oshib, umumiy o‘sishning qariyb yarmiga to‘g‘ri keldi.
Rossiya 3 454 ta korxona bilan ikkinchi, Turkiya esa 2 293 ta korxona bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Keyingi pog‘onalarda Qozog‘iston (1 307 ta) va Janubiy Koreya (725 ta) joylashgan.
Pokiston eng yuqori o‘sishni qayd etdi
Yillik o‘sish sur’ati bo‘yicha Pokiston yetakchi bo‘ldi. Pokiston ishtirokidagi kompaniyalar soni bir yil ichida 170 tadan 325 taga yetib, 91 foizga oshdi. Shuningdek, Ozarbayjon kompaniyalari soni ham 59,2 foizga ko‘paydi.
Savdo va sanoat yetakchi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi savdo sohasida faoliyat yuritmoqda – 7 289 ta. Sanoat yo‘nalishida 4 031 ta korxona ishlamoqda. IT sohasi esa ilk bor qurilishni ortda qoldirib, 1 690 ta korxona bilan uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan majburiy energiya auditini o‘tkazmagan 11 ta korxonaga chora ko‘rilgani haqida yozgandi.