Eron Hormuz bo‘g‘ozidan «bir tomchi ham» neft o‘tkazmaslikka va’da berdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Brent narxi $90 dan pastga qaytdi
AQSh Eron neftiga sanksiyalarni qaytardi, Brent 5 foizga oshdi
Foto: depositphotos

Eron Inqilobiy gvardiyasi Hormuz bo‘g‘ozi ustidan to‘liq nazorat saqlanayotganini bildirdi. CNBC xabariga ko‘ra, Tehron bo‘g‘oz orqali «bir tomchi ham neft, gaz yoki kimyoviy o‘g‘it» o‘tmasligini yana bir bor ta’kidlagan.

Ammo dushanba kuni neft narxlari avvalgi o‘sishning bir qismini yo‘qotdi. Bunga Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oyining AQSh bilan muzokaralar milliy manfaatlardan kelib chiqib davom ettirilishi mumkinligi haqidagi bayonoti sabab bo‘ldi.

Brent narxi $90 dan pastga qaytdi

Savdo davomida Brent nefti narxi $90 dan oshgan edi. Keyinroq sentabr yetkazib berish sharti bilan Brent narxi 0,4 foizga oshgan holda bir barrel uchun $88,47 atrofida bo‘ldi.

AQShning WTI nefti esa avvalgi o‘sishni yo‘qotib, 0,2 foizga pasaydi va bir barrel uchun $82,36 atrofida savdo qilindi.

Eron vositachilar orqali xabar almashilayotganini bildirdi

Eron TIV vakili Ismoil Bag‘oyining aytishicha, AQShning so‘nggi zarbalari va amerikalik harbiylar o‘limi fonida ham vositachilar Eron bilan xabar almashishni davom ettirmoqda.

U muzokaralar Eron milliy manfaatlariga mos kelsa, davom ettirilishi mumkinligini bildirdi.

AQSh Eronga zarbalarni davom ettirmoqda

AQSh harbiylari Eron nishonlariga ketma-ket to‘qqizinchi kecha zarba berganini ma’lum qildi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligiga ko‘ra, zarbalar Eronning Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan tijorat kemalari va dengizchilariga tahdid qilish imkoniyatlarini kamaytirishga qaratilgan.

Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha xavotir kuchaydi

So‘nggi keskinliklar dunyodagi eng muhim neft yo‘llaridan biri – Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligi bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirdi.

Odatda dunyo neft tashuvlarining qariyb 20 foizi ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Biroq so‘nggi hujumlar fonida tashuvlar keskin kamaygani aytilmoqda.

Benzin narxi AQShda yana $4 ga chiqdi

AQShda oddiy benzinning o‘rtacha narxi yana bir gallon uchun $4 ga yetdi.

American Automobile Association ma’lumotiga ko‘ra, bunday daraja oxirgi marta 17-iyun kuni kuzatilgan edi. O‘shanda AQSh va Eron janglarni to‘xtatish hamda Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishga qaratilgan vaqtinchalik kelishuv imzolagan edi.

Ekspertlar neft $100 dan oshishi mumkinligini aytmoqda

Energy Aspects tadqiqot direktori Amrita Senning fikricha, agar Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashuvlar sezilarli sekinlashsa va global zaxiralar kamayishda davom etsa, neft narxi bir barrel uchun $100 dan oshishi mumkin.

U bozor hanuz vaziyatga yetarlicha jiddiy qaramayotganini, keskinlik davom etsa, narxlarda yangi o‘sish bosimi paydo bo‘lishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston neftini tashiyotgan tankerlarga Ukraina dronlari zarba bergandi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, 17 va 19-iyul kunlari Qora dengiz akvatoriyasida KQK infratuzilmasi orqali qonuniy ravishda neft tashish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolik kemalariga dronlar yordamida hujum qilingan.

Shuningdek