
Kursiv Uzbekistan 19-iyul kuni Futbol bo‘yicha Jahon chempioni bo‘lgan Ispaniya terma jamoasi a’zosi 19 yoshli Lamin Yamal haqida qiziqarli 5 ta faktni jamladi.
1. Lionel Messi uni go‘dakligida cho‘miltirgan

2007-yilda, Lamin Yamal atigi 5 oylik bo‘lganida, uning oilasi UNICEF va «Barcelona» hamkorligidagi xayriya aksiyasida g‘olib bo‘ladi. Fotosessiya davomida 20 yoshli Lionel Messi kichkina Yamalni qo‘liga olib, cho‘miltiradi. Oradan 19 yil o‘tib esa ular Jahon chempionati finalida bir-biriga qarshi maydonga tushishdi.
2. Gol nishonlashidagi «304» raqami tasodif emas

Yamal gol urgach, barmoqlari bilan 3-0-4 raqamlarini ko‘rsatadi. Bu uning bolaligi o‘tgan Barselona yaqinidagi Rokafonda mahallasining pochta indeksidagi oxirgi uchta raqamdir. Futbolchi shu orqali o‘zi ulg‘aygan hududni unutmaganini namoyish etadi. Hatto ushbu ishorani shaxsiy brendi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan.
3. Yevro paytida ham maktab darslarini qoldirmagan

2024-yilgi Yevropa chempionatida Ispaniya safida o‘ynayotgan paytda Yamal hali maktab o‘quvchisi edi. U musobaqaga darsliklari va uy vazifalarini ham olib borgan, onlayn tarzda o‘qishni davom ettirgan. Turnir davomida bir vaqtning o‘zida ham chempionlik uchun kurashib, ham ta’limini davom ettirgani ko‘pchilikni hayratda qoldirgan.
4. Bolaligida PlayStation emas, Pokemon kartalari bilan o‘ynagan

Yamal oilasining moddiy imkoniyati cheklangan bo‘lgani uchun bolaligida PlayStation yoki Nintendo kabi o‘yin konsollariga ega bo‘lmagan. U do‘stlari bilan arzon Pokemon kartalari yig‘ib, ular orqali o‘yinlar tashkil qilgan. Futbolchi keyinchalik aynan o‘sha davr uni mehnatkash va kamtar bo‘lib ulg‘ayishiga yordam berganini aytgan.
5. Futboldan tashqaridagi eng g‘alati orzusi — sakkizoyoq boqish

Lamin Yamalning noodatiy orzularidan biri – uyida sakkizoyoq boqish. U buning uchun akvarium ham tayyorlamoqchi bo‘lgan, biroq onasi bunga ruxsat bermagan. Avval «18 yoshga to‘lganingda», keyin esa «21 yoshga kirganingda» deb va’da bergan. Yamal esa do‘stlari uning uyiga kelganda bunday noodatiy jonivorni ko‘rib hayron qolishini orzu qilishini aytgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jaloliddin Masharipov haqida 5 ta qiziqarli faktni yozgandi.