Uzilishlar davom etmoqda: Toshkent shahrining uch tumanida «svet» o‘chdi

Toshkent shahrining Sergeli, Shayxontohur va Yunusobod tumanlaridagi ayrim hududlarda elektr tarmoqlaridagi nosozliklar sabab vaqtinchalik uzilishlar kuzatilmoqda. Ta’mirlash brigadalari nosozliklarni bartaraf etish ishlarini olib bormoqda.
Sergelida bir qator mahallalarda uzilish bo‘lishi mumkin
Sergeli tumanidagi ayrim mahallalarda elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish va tizimni modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Shu sababli Izzatli, Beruniy, Sultonobod, Ko‘hna Qumariq, Sadoqat, Xonobod, Xontepa, Xonobod-tepa, Eshonbuloq, Ziyolilar va Eski Jaloyir mahallalarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi mumkin.
Shayxontohurda avariyaviy o‘chish qayd etildi
Shayxontohur tumanida «Vistavochniy» podstansiyasidan chiquvchi «Chorsu» fiderida avariyaviy o‘chish yuz bergan.
Buning oqibatida Aloqa, Erkin, Maorif, Beruniy, Temirtau, Qayum Qori, Q. Yoqubov, Proyektnaya, Matlubod, Bog‘ ko‘cha, Abdumalik Jalilov, Chamannor va Kunchilar ko‘chalari hamda ularga tutash hududlarda elektr ta’minotida uzilish kuzatilmoqda.
Yunusobodda ham ayrim hududlar elektrsiz qoldi
Yunusobod tumanida «Danish 1,2» fiderida avariya sabab elektr ta’minoti o‘chgan.
Natijada Anorzor va Husniobod mahallalari, shuningdek, 2-mavzedagi 45 ta ko‘p qavatli uy va 35 ta xonadon elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan.
Mas’ullarga ko‘ra, ta’mirlash ishlari yakunlangach, elektr ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanadi. Aholi murojaatlari uchun Sergeli tumani bo‘yicha 71 258-38-60, Shayxontohur tumani bo‘yicha 71 278-87-11 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 19-iyul, yakshanba kuni elektr iste’moli yozgi rekordni yangilagandi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 19-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291,8 mln kVt/soatni tashkil qildi. Bu o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 19,2 mln kVt/soat yoki 7,04% ko‘p.