Yevrokomissiya AliExpress’ni 550 mln yevro jarimaga tortdi

Yevrokomissiya AliExpress platformasiga Yevropa Ittifoqining raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni talablarini buzgani uchun 550 mln yevro jarima soldi. Bryusselga ko‘ra, kompaniya Yevropadagi iste’molchilarni onlayn savdodagi xavflardan yetarlicha himoya qilmagan.
Platformada xavfli va taqiqlangan mahsulotlar sotilgan
Yevrokomissiya ma’lumotiga ko‘ra, AliExpress o‘z marketplace’larida taqiqlangan mahsulotlar sotilishi bilan bog‘liq xavflarni yetarli darajada baholamagan.
Regulyatorlar platformaning ichki moderatsiya tizimlari samaradorligi oshirib ko‘rsatilganini, tavsiya algoritmlari esa bunday mahsulotlarning targ‘ib qilinishiga qanday ta’sir qilishi yetarlicha hisobga olinmaganini bildirdi.
Soxta tovarlar va xavfli mahsulotlar savdoda qolgan
Tekshiruv davomida AliExpress’da qoidabuzar sotuvchilarga nisbatan sanksiyalar tizimi samarasiz ishlagani aniqlangan.
Yevrokomissiyaga ko‘ra, ogohlantirishlardan bir necha hafta o‘tganidan keyin ham platformada soxta tovarlar, xavfli o‘yinchoqlar va kosmetika mahsulotlari sotuvda qolgan.
Ayrim sotuvchilar xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tish uchun mahsulot toifasini ataylab noto‘g‘ri ko‘rsatgani ham qayd etilgan.
AliExpress 20-oktabrgacha reja taqdim etishi kerak
AliExpress 2026-yil 20-oktabrgacha Yevrokomissiyaga qoidabuzarliklarni bartaraf qilish bo‘yicha reja taqdim etishi kerak.
Agar kompaniya regulyator talablarini bajarmasa, unga qo‘shimcha jarimalar qo‘llanishi mumkin.
Tekshiruv 2024-yilda boshlangan
Yevrokomissiya AliExpress bo‘yicha tekshiruvni 2024-yil mart oyida boshlagan.
2025-yil iyunida komissiya platformada iste’molchilar xavfini baholash, kontent moderatsiyasi, reklama va tavsiya algoritmlari shaffofligi hamda sotuvchilarni tekshirish bo‘yicha ko‘plab qoidabuzarliklar aniqlanganini bildirgan.
Fransiyada ham sud jarayoni bo‘lishi mumkin
AliExpress yana bir sud jarayoniga duch kelishi mumkin. 2025-yil noyabrida Fransiya hukumati platformani bolalarga o‘xshash ko‘rinishdagi kattalar uchun mahsulotlar sotuvda bo‘lgani sabab sudga berishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AliExpress platformasida o‘zbekistonlik foydalanuvchilar xaridlar uchun to‘lov qila olmayotgani ma’lum qilingandi. Xususan, Humo va Uzcard kartalari orqali to‘lov qilish imkoniyati mavjud emas.