2027-yil iqtisodiy rejalari «safarbarlik ssenariysi» asosida ishlab chiqiladi

eʼlon qilindi
15-avgustgacha iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqiladi
2027-yil iqtisodiy rejalari «safarbarlik ssenariysi» asosida ishlab chiqiladi / Foto: Prezident matbuot xizmati

2027-yil uchun makroiqtisodiy va investitsiya dasturlari yangi yondashuv – «safarbarlik ssenariysi» asosida ishlab chiqiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda prezident global iqtisodiyotdagi noaniqliklar qancha davom etishini oldindan aytish qiyinligini ta’kidladi. Asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollikning sekinlashuvi mahalliy korxonalar, ayniqsa, eksportchilarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etildi. Shu bois barcha rahbarlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni inobatga olgan holda mavjud zaxiralarni safarbar qilishga tayyor bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, barcha tarmoq va hududlarga «aql markazlari» biriktirilgan. Endilikda Iqtisodiy kengash hamda 9 ta yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etiladi. Ular «aql markazlari» bilan hamkorlikda 15-avgustga qadar tarmoq va hududlar kesimida ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqadi.

Qayd etilishicha, ushbu takliflar «resurs – infratuzilma – loyiha – ishlab chiqarish – budjetga tushum – eksport» zanjiri bo‘yicha o‘zaro bog‘liq tizimni rivojlantirishga qaratiladi. Shuningdek, 2027-yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, budjet, investitsiya va eksport dasturlari mutlaqo yangi yondashuv – «safarbarlik ssenariysi» asosida tayyorlanadi.

Yig‘ilish yakunida vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar hisobot berib, bugungi topshiriqlar ijrosini joylarda qanday tashkil etish bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek