Wildberries omborlariga hujumda qirg‘izistonlik xodim jarohat oldi

eʼlon qilindi
Yana ikki nafar fuqaro mamlakatning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasiga murojaat qilgan
Wildberries omborlariga hujumda qirg‘izistonlik xodim jarohat oldi / Foto: RegTV

Rossiyada Wildberries-Russ kompaniyasining ikki logistika markaziga dronlar orqali uyushtirilgan hujum oqibatida bir necha kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi. Hodisada Qirg‘izistonning bir fuqarosi tan jarohati oldi, yana ikki nafar fuqaro konsullik yordamiga murojaat qildi.

Dron hujumi va qurbonlar

18-iyulga o‘tar kechasi Rossiyaning Tambov viloyati Kotovsk shahri hamda Moskva viloyatidagi Elektrostal shahrida joylashgan Wildberries-Russ kompaniyasining ikkita yirik logistika majmuasiga dronlar hujum qildi. Zarbalardan so‘ng omborlarda yong‘in yuzaga keldi.

Rossiya rasmiylari va OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kotovskdagi hodisa oqibatida tungi smenada ishlagan 7 nafar xodim halok bo‘ldi, yana bir necha o‘n kishi jarohat oldi. Elektrostaldagi omborda esa bir kishi vafot etdi, o‘nlab ishchilar tan jarohati oldi.

Qirg‘iziston fuqarolariga yordam ko‘rsatilmoqda

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, jarohatlanganlar orasida Elektrostaldagi Wildberries omborida ishlagan 21 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi ham bor. U yengil jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, uning holati qoniqarli deb baholanmoqda.

Shuningdek, yana ikki nafar Qirg‘iziston fuqarosi mamlakatning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasiga murojaat etgan. Ular hodisadan keyin mustaqil ravishda evakuatsiya qilinganini, biroq evakuatsiya vaqtida hujjatlarini yo‘qotganini bildirgan. Hozirda ularga zarur konsullik yordami ko‘rsatilmoqda.

Diplomatlar vaziyatni kuzatmoqda

Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi vakillari jabrlangan obyektlarda ishlagan fuqarolar bilan aloqada bo‘lib, ehtimoliy jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlarni aniqlashtirmoqda.

Rossiyadagi yirik marketplace logistika markazlari Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat migrantlari uchun asosiy ish joylaridan biri hisoblanadi. Wildberries omborlarida ham mintaqaning turli davlatlari, jumladan, Qirg‘iziston fuqarolari faoliyat yuritadi.

Wildberries kompensatsiya toʻlab beradi

Kompaniya asoschisi Tatyana Kimning taʼkidlashicha, Wildberries Elektrostal va Kotovskdagi logistika majmualariga qilingan hujum oqibatida halok boʻlganlarning oilalariga hamda jabrlanganlarga moliyaviy yordam koʻrsatadi.

«Avval aytganimdek, kompaniya Elektrostal va Kotovskdagi logistika majmualarimizga qilingan hujumlardan halok boʻlganlarning yaqinlariga va jabrlanganlarga yordam beradi. Halok boʻlganlarning oilalari kompaniyadan 2 million rubl, ogʻir ahvoldagi jabrlanganlar esa 1 million rubl oladi», — dedi Tatyana Kim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston neftini tashiyotgan tankerlarga Ukraina dronlari zarba bergani haqida yozgan edik.

Shuningdek