
21-iyul kuni O‘zbekiston Superligasining 13-turida «So‘g‘diyona» o‘z maydonida amaldagi chempion Farg‘onaning «Neftchi» klubini qabul qilib, 1:5 hisobidagi qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi.
Uchrashuv mezbonlar uchun juda omadli boshlandi. 23-daqiqadayoq Petar Michin «So‘g‘diyona»ni hisobda oldinga olib chiqdi – 1:0. Biroq bu tezkor gol amaldagi chempionlarni esankiratib qo‘ymadi, aksincha, ularni yanada hujumkor o‘yinga chorladi va o‘yin taqdiri tez orada butunlay o‘zgardi.

Oradan atigi 5 daqiqa o‘tib, 28-daqiqada Ibrohimhalil Yo‘ldoshev Ikrom Aliboyev uzatmasidan so‘ng muvozanatni tikladi. Bu gol «Neftchi»ning gollar shousiga debocha bo‘ldi. 33-daqiqada Xurshid G‘iyosov farg‘onaliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 37-daqiqada Stipe Peritsa oradagi farqni oshirdi – 1:3.

Ikkinchi bo‘limda ham maydonda to‘liq mehmonlar ustunligi kuzatildi. 55-daqiqada Anvar G‘ofurov Jamshid Iskanderov uzatmasidan so‘ng hisobni yiriklashtirgan bo‘lsa, 81-daqiqada Jamshid Iskanderovning o‘zi uchrashuvga yakuniy nuqtani qo‘ydi – 1:5.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu uchrashuvdan so‘ng «Neftchi» ochkolari sonini 34 taga yetkazib, chempionatdagi yaqqol yetakchiligini saqlab qoldi. «So‘g‘diyona» esa 12 ochko bilan turnir jadvalida 14-o‘rinda bormoqda.

Avvalroq Kursiv nashri Neftchi» 24 yildan so‘ng yana mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.