Mobil ilovalarning 46 foizi o‘rnatilgandan keyingi birinchi oydayoq o‘chirib tashlanadi: biznes foydalanuvchilarni qanday ushlab qolishi va o‘sishi mumkin

eʼlon qilindi
Mamlakatda ilovalarni yuklab olish soni 2027-yilga kelib ikki baravar oshib, qariyb 1,8 milliardga yetadi
Mobil ilovalarning 46 foizi o‘rnatilgandan keyingi birinchi oydayoq o‘chirib tashlanadi: biznes foydalanuvchilarni qanday ushlab qolishi va o‘sishi mumkin
Foto: Yandex Uzbekistan

«Yandex Ads»ning O‘zbekistondagi direktori, Mansur Usmonovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston mobil ilovalar bozori Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biridir. Sensor Tower bahosiga ko‘ra, mamlakatda ilovalarni yuklab olish soni 2027-yilga kelib ikki baravar oshib, qariyb 1,8 milliardga yetadi. Buning asosiy omillari qatoriga yosh aholi, internetdan foydalanish darajasining yuqoriligi — taxminan 32,7 million foydalanuvchi (DataReportal, 2025-yil) — hamda kontentning asosan mobil qurilmalarda iste’mol qilinishi kiradi: veb-trafikning 60 foizdan ortig‘i smartfonlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Biznesning foydalanuvchi uchun raqobati kuchaymoqda, buning ortidan yangi auditoriyani jalb qilish xarajatlari ham oshmoqda. Reklama beruvchilar uchun targ‘ibotning umumiy iqtisodiy samaradorligi va mijozning butun hayotiy sikli davomidagi qiymati (LTV) asosiy masalalarga aylanmoqda. Chunki mavjud foydalanuvchilarni ushlab qolish biznes uchun yangilarini jalb qilishdan ko‘ra arzonroq tushadi.

Foydalanuvchi xatti-harakati: e’tibor uchun qisqa vaqt

Har qanday ilova duch keladigan birinchi cheklov — qurilmadagi joy uchun raqobat. Foydalanuvchilar smartfon xotirasidan oqilona foydalanadi: Yandex Ads tadqiqotiga ko‘ra, ularning 77 foizi ortiqcha ilovalarni o‘rnatishdan ongli ravishda voz kechadi, 50 foizi esa uzoq vaqt ishlatmagan ilovalarini muntazam ravishda o‘chirib tashlaydi. Natijada ilovalarning 46 foizi o‘rnatilgandan keyingi dastlabki 30 kun ichida o‘chirib yuboriladi.

Birinchi haftadagi ko‘rsatkichlar alohida e’tiborga loyiq. Foydalanuvchilarning 65 foizi dastlabki yetti kun ichida hech qanday bildirishnoma yoki qiziqarli taklif olmasa, ilovadan foydalanishni to‘xtatadi. Marketing nuqtayi nazaridan, agar ilova o‘rnatilgandan so‘ng darhol izchil ushlab qolish strategiyasi qo‘llanmasa, foydalanuvchini jalb qilishga sarflangan investitsiyalar tezda o‘z qiymatini yo‘qotadi.

Push-bildirishnomalarning imkoniyatlari cheklangan

Ilova foydalanuvchilarini ushlab qolish uchun eng ko‘p qo‘llanadigan vosita push-bildirishnomalardir. Ular hanuz zarur, biroq ma’lumotlar bu kanalga yagona vosita sifatida tayanib bo‘lmasligini ko‘rsatadi.

Auditoriyaning bildirishnomalarga munosabati turlicha: foydalanuvchilarning 26 foizi ularni deyarli har doim o‘qimasdan o‘chirib tashlaydi, yana 31 foizi tanlab o‘qiydi, 36 foizi esa ma’lumot kerak bo‘lganda ilovani o‘zi ochishni afzal ko‘radi. Demak, auditoriyaning katta qismi bildirishnomalarni amalda e’tiborsiz qoldiradi.

Bunga texnik cheklov ham qo‘shiladi. Push-bildirishnomani yuborish faqat foydalanuvchining roziligi bilan amalga oshiriladi, biroq hamma ham bunga ruxsat bermaydi. Bildirishnomalarga rozilik berishning o‘rtacha darajasi ilovalar bo‘yicha 67,5 foizni, iOS’da esa 43,9 foizni tashkil etadi. O‘zbekiston bozorida Android ulushi 85 foizdan yuqori bo‘lsa-da, bildirishnomalarni e’tiborsiz qoldirish odati platformadan qat’i nazar saqlanib qolmoqda. Har bir foydalanuvchini jalb qilish va ushlab qolish uchun biznes ilovaning mavjud auditoriyasi bilan aloqa kanallarini kengaytirishi zarur.

Reklama yordamida foydalanuvchilarni qayta faollashtirish

Reklama texnologiyalari ilovani nafaqat yangi foydalanuvchilar orasida targ‘ib qilish, balki uni avval o‘rnatgan foydalanuvchilarni qaytarish va ularni xaridga undash imkonini ham beradi. Buning uchun reklama strategiyasini retargeting kampaniyalari bilan kengaytirish kerak.

Statistikaga ko‘ra, to‘rt foydalanuvchidan uchtasi retargeting kampaniyalarini payqaydi. Buning sababi auditoriya ilova yoki brend bilan allaqachon tanish bo‘lib, taklifga javob berish ehtimoli yuqoriroq ekanidadir. Masalan, ilovada sumka kartochkasini ko‘rgan foydalanuvchilarga aynan shu mahsulot reklamasi ko‘rsatilishi mumkin. Bunda retargeting kampaniyalaridagi jalb qilingan konversiya narxi yangi foydalanuvchilarni jalb qilish kampaniyalariga nisbatan o‘rtacha 62 foizga past bo‘ladi. Ilovani targ‘ib qilish strategiyasi samaradorligini o‘rnatishlarni jalb qilish va retargeting kampaniyalarini birlashtirish orqali oshirish mumkin. Bu yangi foydalanuvchilarni birinchi xaridga, mavjud foydalanuvchilarni esa takroriy xaridga undashga yordam beradi. Natijada faol mijozlar bazasi va ularning LTV ko‘rsatkichi oshadi.

«Cheksiz javon» uchun dinamik retargeting

Katta assortimentga ega ilovalar uchun Yandex Ads maxsus dinamik retargeting vositasini ishga tushirdi. Ushbu vosita yordamida biznes ilova va katalogdagi mahsulotlarni har bir foydalanuvchiga mos ravishda avtomatlashtirilgan va shaxsiylashtirilgan tarzda targ‘ib qilishi mumkin.

Buning uchun kompaniya mobil treker va ilovadagi mahsulotlar katalogini Direkt bilan integratsiya qilishi kerak. Foydalanuvchi mahsulot kartochkasini ko‘radi yoki uni savatga qo‘shadi, biroq buyurtmani rasmiylashtirmaydi. Shunda tizim foydalanuvchini xarid qilishga undash uchun uni qiziqtirgan yoki shunga o‘xshash mahsulot reklamasini Yandex Uzbekistan’ning boshqa resurslarida yoki Reklama tarmog‘ida avtomatik ravishda ko‘rsatadi. Bu keng assortimentni targ‘ib qilish imkonini beradi, e’lonlarni yaratish va yangilashga ketadigan vaqtni qisqartiradi hamda shakllangan talabga ega foydalanuvchiga aniq mos taklif bilan chiqishni ta’minlaydi.

Ilovani o‘rnatgan, biroq hali hech narsa xarid qilmagan foydalanuvchilarni birinchi xaridga undash, faol mijozlarni takroriy xaridlarga rag‘batlantirish va ilovaga uzoq vaqt kirmagan foydalanuvchilarni qaytarish uchun dinamik retargeting elektron tijoratda mijoz yo‘lining har bir bosqichida faol qo‘llanadi

Sport mahsulotlari sotuvchisi Yandex Ads’dagi yangi dinamik retargeting vositasi yordamida ilovani targ‘ib qilishni birinchilardan bo‘lib sinovdan o‘tkazdi. Ushbu kampaniyalarda reklama investitsiyalarining qaytimi (ROAS) sotuvchining ilovasini targ‘ib qilish bo‘yicha boshqa kampaniyalarga nisbatan 3,4 baravar oshdi.

Bozor tobora to‘yinib borar ekan, ilovalar reklamasi trafikni oshirishdan allaqachon tanish bo‘lgan auditoriya bilan ishlashga o‘tmoqda. Bunda kommunikatsiyani shaxsiylashtirish hal qiluvchi omilga aylanadi. Push-bildirishnomalar bilan faol ishlashga qaramay, ular har doim ham ilova foydalanuvchilarining katta qismigacha yetib borishga yordam bermaydi. Eng sodiq baza — o‘z ilovasi auditoriyasi bilan samarali ishlash imkonini retargeting kampaniyalari, katta assortimentli ilovalar uchun esa dinamik retargeting beradi. Bu ayniqsa Yandex Ads so‘rovida qatnashgan foydalanuvchilarning 62 foizi o‘z qiziqishlariga mos reklamaga neytral munosabatda ekanini, 35 foizi esa reklama xarid qilish qarorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan sharoitda dolzarbdir.

Shuningdek