Soliq huquqbuzarliklari haqida xabar qilganlarga 20,2 mlrd so‘m mukofot berildi

eʼlon qilindi
Murojaatlar asosida 41 687 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan
Soliq buzilishlaridan xabar berganlarga 20,2 mlrd so‘m mukofot berildi
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyun oylarida soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan fuqarolarga jami 20,2 mlrd so‘m mukofot puli to‘landi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Yilning dastlabki olti oyida «Soliq» mobil ilovasidagi «Soliq hamkor» tizimi orqali 63 714 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 51 974 tasi yoki 81,6 foizi xarid uchun chek bermaslik bilan bog‘liq. Shuningdek, 2 149 ta murojaatda to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik, 135 tasida karta orqali hisob-kitob qilganda xarid summasini oshirish, yana 9 456 tasida boshqa turdagi soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berilgan.

Kelib tushgan murojaatlarning 19 040 tasi takroriy bo‘lgani yoki shikoyat qilingan tadbirkorlik subyektida tekshiruv davom etayotgani sababli qaytarilgan. Yana 2 987 ta murojaat ko‘rib chiqish jarayonida qolmoqda. Murojaatlar asosida 41 687 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshirilgan holatlarning 99,5 foizida huquqbuzarlik tasdiqlangan. Soliq qoidabuzarliklari haqida ma’lumot bergan fuqarolarga 31 174 ta holat bo‘yicha undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida mukofot ajratilgan.

Qaysi hudud yetakchi

Hududlar kesimida eng ko‘p mukofot Toshkent shahrida to‘langan. Poytaxtda 6 631 ta tasdiqlangan holat uchun fuqarolarga 4,4 mlrd so‘m berilgan. Samarqand viloyatida 3 211 ta holat bo‘yicha 2,3 mlrd so‘m, Toshkent viloyatida esa 3 329 ta holat uchun 1,9 mlrd so‘m mukofot to‘langan.

Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 2 236 tadan holat qayd etilgan. Ular bo‘yicha fuqarolarga mos ravishda 1,5 mlrd va 1,4 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Buxoro viloyatida 2 081 ta holat uchun 1,3 mlrd so‘m, Xorazmda esa 1 886 ta holat bo‘yicha qariyb 1,1 mlrd so‘m mukofot berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 1,4 mlrd so‘mlik keshbek firibgarligi fosh etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek