Kiberjinoyatlarga qarshi yangi qonunlar Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kiberjinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan ikkita qonun loyihasini ma’qullab, Senatga yubordi. Hujjatlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi ushbu yo‘nalishdagi vakolatli davlat organi etib belgilanadi.
Banklar javobgarligi kuchaytiriladi
Qonun loyihasida banklar, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari va internet-provayderlariga shubhali operatsiyalarni o‘z vaqtida aniqlash, kiberxavflar haqida vakolatli organlarni zudlik bilan xabardor qilish, raqamli dalillarni saqlash hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklanmoqda.
Shuningdek, kiberxavfsizlik talablariga rioya qilinmagani yoki firibgarlik operatsiyalarining oldi olinmagani sabab fuqarolarga moddiy zarar yetkazilsa, ushbu zararni banklar yoki to‘lov tashkilotlari qoplashi nazarda tutilmoqda.
Yangi javobgarlik choralari joriy etiladi
Hujjatlarda davlat xizmatlari tizimidagi shaxsiy akkauntlar yoki SIM-kartalarni g‘arazli maqsadlarda boshqa shaxslarga berish, shuningdek, o‘zga shaxsning akkaunti yoki telefon raqamidan noqonuniy foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Kriptoaktivlar va hisobvaraqlar vaqtincha bloklanishi mumkin
Qonun loyihasiga muvofiq, kiberjinoyatlar bo‘yicha tergov jarayonida bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlar va kriptoaktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish protsessual majburlov chorasi sifatida qo‘llanadi. Mazkur tartib sud nazorati asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan odamlarga 1 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar yetkazgan jinoiy guruh fosh etilgani haqida yozgandi.