Toshkent – Nurafshon yo‘lida kuniga 130 ming avtomobil o‘tkaza oladigan yo‘l o‘tkazgich ochildi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi davomida A-373 va Toshkent katta halqa yo‘llari kesishmasida bunyod etilgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgich bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
240 mlrd so‘mlik loyiha
Qiymati 240 milliard so‘m bo‘lgan loyiha Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda amalga oshirildi. Majmua tarkibidan 66 metrlik ko‘prik, 450 metrlik yer osti yo‘li, yer osti piyodalar o‘tish yo‘laklari, aylana yo‘l, piyoda va veloyo‘laklar, avtobus bekatlari hamda tashqi yoritish tizimi o‘rin olgan.
Tirbandlik kamayadi, qatnov tezlashadi
Yangi yo‘l o‘tkazgich transport oqimini samarali tashkil etish, harakat xavfsizligini oshirish va tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qiladi. Natijada Toshkent va Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqti 10–15 daqiqaga qisqaradi, yo‘lning kunlik o‘tkazuvchanlik quvvati esa 130 mingtagacha avtomobilga yetadi.
BRT tizimi ham rejalashtirilgan
Davlat rahbariga loyiha doirasida transport oqimini boshqarish yechimlari hamda kelgusida Toshkent–Nurafshon yo‘nalishida tezyurar avtobuslar (BRT) tizimini yo‘lga qo‘yish rejalari haqida ham axborot berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent–Samarqand o‘rtasida 150 km/soat tezlikdagi yangi magistral qurilishi boshlangani haqida yozgandi.