MB bank ilovalari uchun yangi xavfsizlik talablarini taklif qildi

Markaziy bank jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmat ko‘rsatishda axborot va kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan nizomga o‘zgartirishlar loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Bank ilovalarida yangi tartiblar joriy etilishi mumkin
Loyihaga ko‘ra, bank mobil ilovasida birinchi marta ro‘yxatdan o‘tishda biometrik identifikatsiya majburiy bo‘ladi. Telefon raqami foydalanuvchining o‘z nomida bo‘lmasa, ilovadan ro‘yxatdan o‘tish va bank kartasini biriktirishga ruxsat berilmaydi. Biroq yaqin qarindoshlar nomidagi raqamlar uchun istisno qo‘llanilishi mumkin.
P2P o‘tkazmalari va kartalarni himoyalash tartibi o‘zgaradi
Takliflarga ko‘ra, P2P o‘tkazmalarini tasdiqlash tartibi soddalashtiriladi, qaysi operatsiyalar uchun OTP-kod yoki antifrod tekshiruvi talab etilishini banklarning o‘zi belgilaydi. Yangi qurilmadan tizimga kirilganda kartalar vaqtincha bloklanib, OTP-kod orqali qayta faollashtiriladi.
Firibgarlikka qarshi himoya kuchaytiriladi
Loyihada telefon qurilmasida zararli dastur aniqlansa, foydalanuvchiga PUSH-xabarnoma yoki SMS yuborish, karta egasi va pul oluvchining shaxsiy ma’lumotlarini qisman yashirish, shuningdek, ma’lumot almashishda zamonaviy xavfsizlik protokollaridan foydalanish ham nazarda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bank hisobiga pul yuborish uchun endi telefon raqami yetarli bo‘lishi haqida yozgandi.