Buyuk Britaniya to‘liq elektron viza rejimiga o‘tdi

Buyuk Britaniya immigratsiya tizimini to‘liq raqamlashtirish jarayonini davom ettirib, jismoniy viza hujjatlarini elektron viza — eVisa bilan almashtirdi. Bu haqda mamlakat hukumati saytida ma’lum qilindi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab mamlakatga kirish uchun yangi viza olgan arizachilarga pasportga yopishtiriladigan viza stikerlari berilmaydi.
eVisa shaxsning identifikatsiyasi hamda Buyuk Britaniyaga kirish yoki mamlakatda qolish huquqi haqidagi raqamli ma’lumot hisoblanadi. Uni ko‘rish va foydalanish uchun arizachi Buyuk Britaniyaning viza va immigratsiya xizmati — UKVI tizimida shaxsiy hisobga ega bo‘lishi kerak.
Tizim qanday ishlaydi
Angliya, Shotlandiya, Uels yoki Shimoliy Irlandiyaga kelish uchun topshirilgan viza arizasi ma’qullansa, murojaatchiga avvalgi jismoniy immigratsiya hujjatlari o‘rniga eVisa taqdim etiladi. Safarga chiqishdan oldin UKVI hisobiga kirib, elektron vizani va mamlakatga kirish ruxsatining amal qilish shartlarini tekshirish talab etiladi.
Ayrim arizachilarga eVisa’ga hamrohlik qiluvchi maxsus hujjat — FAV berilishi mumkin. Bunday holatda hujjatni olish uchun odatda viza markaziga qayta borish kerak bo‘ladi. FAV elektron viza bilan bog‘langach, undan Buyuk Britaniyaga safar qilishda foydalaniladi.
Agar viza markazida arizachining pasporti yoki safar hujjati qolgan bo‘lsa, arizani ko‘rib chiqish jarayoni davom etayotgan paytda hujjat egasiga qaytariladi. Pasport tayyor bo‘lgach, murojaatchi bilan viza markazi bog‘lanadi. Rasmiy xabarnoma kelmaguncha markazga bormaslik tavsiya etilgan.
eVisa mamlakat chegarasida immigratsiya maqomini tekshirishni tezlashtiradi. Shuningdek, shaxs o‘z maqomini ish beruvchi, uy egasi va boshqa tashkilotlarga raqamli tarzda ko‘rsatishi mumkin. Zarur hollarda immigratsiya haqidagi ma’lumotlar ayrim davlat idoralari va davlat tashkilotlariga avtomatik ravishda taqdim etiladi.
Mavjud jismoniy immigratsiya hujjatini eVisa’ga almashtirish shaxsning amaldagi maqomini, Buyuk Britaniyaga kirish yoki mamlakatda qolish shartlarini o‘zgartirmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Green Card uchun 100 ming dollarlik kafolat puli joriy qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.