FIFA taqiqi O‘rozovning transferiga ta’sir qiladimi

23-iyul 2026 10:28 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
FIFA taqiqi O‘rozovning transferiga taqiq ta’sir qiladimi
Foto: Instagram/ Jahongir O‘rozov

Rossiya klublariga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ommaviy taqiq joriy etilishi haqidagi xabarlar Jahongir O‘rozovning Qozonning «Rubin» klubiga ehtimoliy transferi yuzasidan savollarni keltirib chiqardi. Rossiya futbol ittifoqi vakili esa bunday umumiy cheklov mavjud emasligini va bir klubga qo‘llangan sanksiya boshqa jamoalarga ta’sir qilmasligini bildirdi.

FIFA 14-iyul kuni Grozniyning «Axmat» klubiga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha sanksiya qo‘lladi. Klub mazkur qarorni bekor qildirish uchun Sport arbitraj sudiga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

Shundan so‘ng Rossiyaning boshqa klublari ham shunga o‘xshash cheklovlarga duch kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Muammo FIFAning birdamlik to‘lovlarini amalga oshirish tizimi bilan bog‘liq. Tashkilot 2022-yil oxirida barcha shu turdagi to‘lovlarni markazlashtirish maqsadida Fransiyada maxsus kliring markazini tashkil etgan.

Yangi tartibga ko‘ra, klublar to‘lovlarni FIFA kliring tizimi orqali amalga oshirishi va tegishli muvofiqlik tekshiruvlaridan o‘tishi kerak.

Foto: Instagram

Avvalgi xabarlarda Rossiya klublari siyosiy vaziyat va moliyaviy cheklovlar sabab Yevropa banklarida hisob raqamlari ocha olmayotgani, shu bois qariyb to‘rt yil davomida ayrim birdamlik to‘lovlari amalga oshirilmagani aytilgan. Natijada qarzdorlik va penyalar to‘planib qolgani taxmin qilinmoqda.

Vaziyat «Axmat»ga sanksiya qo‘llanganidan keyin yanada jiddiy tus oldi. Rossiya klublari vakillari yig‘ilish o‘tkazib, ehtimoliy xavflar hamda muammoni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qilgan. Rossiya futbol ittifoqi FIFA bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

Nimalar ma’lum

Agar alohida klublarga ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqi qo‘llansa, ular Rossiyadagi yozgi transfer oynasi 11-sentabrda yopilguniga qadar yangi futbolchilarni tarkibga qo‘sha olmaydi. Bu holat «Rubin»ning Jahongir O‘rozov bo‘yicha olib borayotgan muzokaralariga ham ta’sir qilishi mumkinligi taxmin qilingan edi.

Rossiya futbol ittifoqining futbol subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash va faoliyatini nazorat qilish departamenti direktori Roman Dyakov esa Rossiya klublariga nisbatan ommaviy transfer taqiqi qo‘llanishi haqidagi ma’lumotlarni rad etdi.

Uning tushuntirishicha, FIFA kliring markazi reglamenti klublardan Yevropada yangi bank hisob raqami ochishni talab qilmaydi. Klublar muvofiqlik tekshiruvidan o‘tadi va ushbu jarayonda amaldagi bank hisob raqamlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

Dyakov, shuningdek, FIFA qoidalarida jamoaviy javobgarlik ko‘zda tutilmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir klubning to‘lovlar bilan bog‘liq muammosi boshqa Rossiya jamoalariga avtomatik ravishda taqiq qo‘llanishiga sabab bo‘lmaydi.

Shu bois hozirgi vaziyatda «Axmat»ga qo‘llangan sanksiya Jahongir O‘rozovning «Rubin»ga ehtimoliy transferiga bevosita ta’sir qilmaydi. Transfer faqat Qozon klubining o‘ziga FIFA tomonidan alohida ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqi joriy etilgan taqdirdagina xavf ostida qolishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jahongir O‘rozov uchun talabgorlar ko‘paygani haqida yozgan edi.

Shuningdek