Pentagon Erondagi urush xarajatini 37,5 mlrd dollarga baholadi

eʼlon qilindi
Pentagon Kongressdan kelgusi oylar uchun yana $67 mlrd qo‘shimcha mablag‘ so‘ramoqda
Erondagi noroziliklar natijasida kamida 5 ming kishi halok bo‘ldi
Foto: Reuters

AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset Eronga qarshi harbiy amaliyotlar xarajati hozircha $37,5 mlrdga yetganini ma’lum qildi. Pentagon Kongressdan kelgusi oylar uchun yana $67 mlrd qo‘shimcha mablag‘ so‘ramoqda.

Xegset bu raqamni Senatning ajratmalar bo‘yicha qo‘mitasidagi tinglovda aytdi. Avvalroq Pentagon rasmiylari urush xarajatini aprel oxirida $25 mlrd, keyinroq esa qariyb $30 mlrd deb baholagan edi.

Mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, $37,5 mlrdlik hisob-kitobga ish haqi, operatsiyalar, texnik xizmat ko‘rsatish va budjet yili oxirigacha kutilayotgan boshqa xarajatlar kiritilgan.

Pentagon $67 mlrd qo‘shimcha mablag‘ so‘ramoqda

AQSh Mudofaa vazirligi Kongressdan Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirish uchun $67 mlrd qo‘shimcha moliyalashtirish ajratishni so‘ramoqda.

Bu mablag‘ Pentagon uchun 30-sentabrgacha tasdiqlangan $891 mlrdlik budjetdan tashqari so‘ralmoqda. Prezident Donald Tramp esa 1-oktabrda boshlanadigan 2027-moliya yili uchun alohida ravishda $1,5 trln so‘ramoqda.

NBC News xarajat ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini yozdi

NBC News manbalariga ko‘ra, Pentagon ichki hisob-kitoblarida urushning umumiy qiymati $80 – 100 mlrd atrofida baholangan.

Bu summaga AQSh harbiy bazalarini ta’mirlash, yo‘q qilingan samolyotlarni almashtirish va qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘liq tiklash xarajatlari ham kirishi mumkinligi aytilmoqda.

Pentagonning vaqtincha nazoratchisi esa avvalgi baholashda o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish xarajatlari hisobga olingani, ammo bazalarni qayta tiklash xarajatlari kiritilmaganini bildirgan.

Urush yana kuchaymoqda

Xegset Kongressda Eron bilan urush aprel oyidagi sulh kelishuvi buzilganidan keyin yana kuchayayotgan bir paytda chiqish qildi.

Tramp yaqinda uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lganidan so‘ng javob zarbalari davom etishini aytgan.

Shuningdek, Eron kuchlarining zarbalari va AQShning Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz blokadasi yuk tashish jarayonlarini deyarli to‘xtatib qo‘ygani qayd etilmoqda.

Demokratlar Pentagon strategiyasini tanqid qildi

Senatdagi demokratlar Xegsetni urushda aniq natija yo‘qligi va administratsiya Kongressdan katta mablag‘ so‘rayotgani uchun tanqid qildi.

Senator Geri Piters Xegsetga murojaat qilib, Tramp administratsiyasi urushda muvaffaqiyatga erisha olmaganini aytdi va strategiya avvalgilaridan nimasi bilan farq qilishini so‘radi.

Xegset esa bu bahoga qo‘shilmasligini bildirib, harbiy harakatlarni «muvaffaqiyatsizlik» deb atash mas’uliyatsizlik ekanini ta’kidladi.

Tramp va Xegset bayonotlarida farq sezildi

Tinglovda Xegset Eron hali ham harbiy imkoniyatlarga ega ekanini tan oldi. Bu esa Trampning Eron allaqachon harbiy jihatdan mag‘lub bo‘lgani haqidagi avvalgi bayonotlari bilan to‘liq mos kelmaydi.

Shu bilan birga, Xegset AQSh operatsiyalari Eron imkoniyatlariga jiddiy zarar yetkazganini va mamlakatni «eng yomon holatga» olib kelganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Eronning yadro obyektlariga zarba berish bilan tahdid qilgandi. Trampning ta’kidlashicha, Vashington Eronning yadro faoliyati bilan bog‘liq deb hisoblagan har qanday hududni nishonga olishga tayyor.

Shuningdek