Markaziy bank biometriya va P2P qoidalarini yumshatmoqchi

Markaziy bank jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmat ko‘rsatishda axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik va firibgarlik holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablarni o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Yangi loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Taklif qilinayotgan o‘zgarishlarning asosiy qismi mobil ilovalarda biometrik identifikatsiyadan foydalanish tartibiga taalluqli. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, foydalanuvchi akkauntga kirish, parolni tiklash, yangi qurilmadan foydalanish, ro‘yxatdan o‘tish va bank kartasini biriktirish kabi holatlarda biometrik tekshiruvdan o‘tishi kerak.
Loyiha qabul qilinsa, biometrik identifikatsiya, asosan, parolni tiklash va akkauntga yangi qurilmadan kirish holatlarida saqlab qolinadi. Mobil ilovaga oddiy kirish va bank kartasini akkauntga biriktirishda esa biometrik tekshiruv talab qilinmaydi. Kartani ulash uchun foydalanuvchiga yuborilgan bir martalik OTP-kodni kiritish yetarli bo‘ladi.

Telefon raqamini foydalanuvchining JSHSHIR ma’lumotlari bilan solishtirish tartibi ham kuchaytirilmoqda. Agar telefon raqami foydalanuvchining shaxsiy identifikatsiya raqamiga mos kelmasa, bank kartasini ro‘yxatdan o‘tkazish va akkauntga bog‘lash bloklanadi.
Biroq telefon raqami foydalanuvchining ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, qarindoshlik belgilangan tartibda tasdiqlanganidan keyin kartani ulashga ruxsat berilishi mumkin. Mazkur istisno yuridik shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan korporativ telefon raqamlariga tatbiq etilmaydi.
Boshqa qurilmadan kirilganda
Yangi qurilmadan akkauntga kirish yoki parolni tiklash holatlarida bank kartalari bilan ishlash tartibi ham yengillashtiriladi. Hozir bunday vaziyatda ilovaga ulangan barcha kartalar avtomatik ravishda uzib qo‘yiladi va qurilmadagi operatsiyalar tarixi o‘chiriladi.
Taklifga ko‘ra, kartalar endi akkauntdan butunlay uzilmaydi, balki vaqtincha nofaol holatga o‘tkaziladi. Ulardan yana foydalanish uchun OTP-kod orqali qayta faollashtirish kifoya qiladi. Operatsiyalar tarixini o‘chirib tashlash talabi esa nizomdan chiqariladi.
Mijozlarni xavflar haqida ogohlantirish tartibini ham o‘zgartirish rejalashtirilgan. Agar foydalanuvchining qurilmasida zararli dastur mavjudligi yoki telefon masofadan boshqarilayotgani aniqlansa, amaldagi tartib bo‘yicha mijozga SMS yuborilishi shart.
P2P o‘tkazmalarda ham yengillashtiriladi

Moliyaviy operatsiyalarni tasdiqlashdan oldin chiqariladigan firibgarlik xavfi haqidagi ogohlantirishlar ham barcha to‘lovlar uchun majburiy bo‘lmasligi mumkin. Hozir foydalanuvchi hisobvaraqlar o‘rtasidagi o‘tkazma, P2P operatsiyasi yoki xizmatlar uchun to‘lovni tasdiqlashdan oldin bu amalni firibgarlar ta’sirisiz o‘zi bajarayotganini tasdiqlashi kerak.
Loyiha qabul qilinsa, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘zlarining xatarlarni boshqarish siyosatidan kelib chiqib, qaysi operatsiyalar oldidan bunday ogohlantirishni chiqarishni mustaqil belgilaydi. Natijada ogohlantiruvchi oynalar barcha to‘lovlarda majburiy ko‘rsatilmaydi.
P2P o‘tkazmalarini tasdiqlash tartibi ham yumshatilishi mumkin. Hozir barcha kartadan kartaga pul o‘tkazmalari OTP-kod bilan tasdiqlanishi shart. Taklifga ko‘ra, banklar va to‘lov tashkilotlari qaysi P2P o‘tkazmalarida OTP-kod talab qilinishini o‘zlarining firibgarlik xavfini boshqarish siyosati asosida belgilaydi.
Shuningdek, antifrod tizimining qo‘shimcha tasdig‘isiz amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan P2P o‘tkazmalarining maksimal miqdorini ham moliyaviy tashkilotlarning o‘zi belgilashi taklif etilmoqda.
O‘tkazmalarni tasdiqlashda an’anaviy OTP-kod o‘rniga antifrod SMS-kod yoki boshqa muqobil autentifikatsiya usullaridan foydalanishga ham ruxsat berilishi mumkin.
Biroq mobil ilovadan tashqari veb-saytlar orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirishga qo‘yilgan taqiq o‘zgarishsiz qoladi.
Loyiha yuzasidan taklif va mulohazalar 1-avgustgacha qabul qilinadi, shu sabab hujjat yakuniy tasdiqlanguniga qadar ayrim normalar o‘zgarishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalari bo‘yicha Markaziy bank pozitsiyasiga munosabat bildirgani haqida yozgan edi.