
Oppo kompaniyasining kelajakdagi Oppo Find X10 turkumiga kiruvchi smartfonlar iPhone 17 Pro bilan birga sinovdan o‘tkazilmoqda. Kompaniya yangi avlod flagmanlarida orqa panel dizaynini sezilarli darajada o‘zgartirib, yirik dumaloq kamera blokidan voz kechishi mumkin.
Oppo Find X10, Find X10 Pro va Find X10 Pro Max modellari prototiplarida kameralar korpusning yuqori chap burchagida joylashgan alohida blokka o‘rnatilgan. Bunday yechim Oppo‘ning amaldagi flagmanlarida qo‘llanadigan katta aylana shaklidagi kamera modulidan keskin farq qiladi.

Smartfonlarning orqa paneli ikki qismli tuzilishga ega bo‘lishi aytilmoqda. Asosiy kamera obyektivlari chap tomonda, LED chaqnoq hamda qo‘shimcha sensor esa blokning o‘ng qismida joylashadi. Ushbu sensor ranglarni aniqroq qayd etish uchun mo‘ljallangan multispektral modul bo‘lishi mumkin.
Yangi dizayn ayrim jihatlari bilan iPhone Pro turkumidagi kameralar joylashuvini eslatadi. Insayderga ko‘ra, sinovdan o‘tkazilayotgan Find X10 turkumining uchala modelida ham dumaloq kamera bloki mavjud emas, biroq qurilmalarning yakuniy ko‘rinishi ishlab chiqarish boshlanguniga qadar o‘zgarishi mumkin.
Oppo hozircha Find X10 turkumining dizayni, texnik xususiyatlari va taqdimot muddatini rasman e’lon qilmagan. Shuning uchun tarqalgan ma’lumotlar prototip qurilmalarga asoslangan norasmiy tafsilotlar sifatida baholanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oppo Reno 16 va Reno 16c smartfonlari taqdim etilgani haqida yozgan edi.