O‘zbekistonda ijtimoiy ish kasbiy faoliyat sifatida belgilanmoqda

«Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi yangi qabul qilingan qonunga ko‘ra, ijtimoiy ish ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning imkoniyat va salohiyatini oshirishga ko‘maklashadigan kasbiy faoliyat sohasi hisoblanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ijtimoiy ish tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot hamda jazoni ijro etish sohalarida tashkil qilinadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu sohadagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Xizmatlar uch darajaga bo‘linadi
Ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam birlamchi, ixtisoslashgan hamda yuqori ixtisoslashgan darajalarga bo‘linadi.
Bunday xizmatlar fuqarolarning yashash joyida, internet orqali, mahallada yoki ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarda ko‘rsatilishi mumkin. Zarur hollarda yordam statsionar muassasalarda ham taqdim etiladi.
Yordam ko‘rsatish uchun murojaat va rozilik kerak bo‘ladi
Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs yoki oilaning murojaati asos bo‘ladi.
Shuningdek, fuqaro yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish shartlariga rozilik bildirishi kerak.
Nazorat Ijtimoiy inspeksiya zimmasiga yuklatildi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.
Ushbu organ ijtimoiy himoya sohasida belgilangan tartib va talablar bajarilishi ustidan vakolatli davlat organi sifatida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii norasmiy bandlik mamlakat mehnat bozoridagi muhim muammolardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidlagandi. Uning aytishicha, ko‘plab ishchilar rasmiy mehnat munosabatlaridan tashqarida qolayotgani sabab ijtimoiy sug‘urta, pensiya va mehnat xavfsizligi kafolatlaridan foydalana olmayapti.